Huawei 1
Har qanday loyiha birorta daraxtga zarar yetkazmasligi zarur — Ekopartiya

Toshkent shahar hokimining 2024 yil 1 avgustda Mirzo Ulug‘bek, Sergeli, Shayxontohur, Chilonzor hamda Yashnobod tumanlarida renovatsiya loyihalarni amalga oshirishga oid qabul qilgan qarori ijtimoiy tarmoqlarda va keng jamoatchilik o‘rtasida bahs-munozaralarga sabab bo‘lmoqda. Mazkur qaror bilan poytaxtning bir qator hududlarida turar va noturar joy obyektlarini renovatsiya qilish, keng ko‘lamli qurilish ishlarini amalga oshirish ko‘zda tutilyapti. Mazkur masalaga O‘zbekiston Ekologik partiyasi ham o‘z munosabatini bayon qildi.  

“Partiya har qanday obyektlarni buzish va qaytadan qurish ishlari avvalo qat’iy ekologik standartlar asosida amalga oshirilishi zarurliginita’kidlaydi. Belgilangan renovatsiya hududlarida ko‘p yillik daraxt va butalar mavjudligini inobatga olish shart. Renovatsiya hududi sifatida shahar hokimi qarorida ko‘rsatilgan hududlarda ko‘p yillik chinor va boshqa noyob daraxtlar mavjud.

Shundan kelib chiqib, O‘zbekiston Ekologik partiyasi Toshkent shahar hokimligi renovatsiya loyihalarini boshlashdan oldin quyidagi masalalarga yechim topishi kerak deb hisoblaydi:

Birinchidan, qonunlarimizga asosan ushbu shaharsozlik hujjatlari loyihalari jamoatchilik muhokamasidan, albatta o‘tkazilishi, ushbu hududning ekologik holati xususida aholi xabardor etilishi;

Ikkinchidan, Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi bilan birgalikda belgilangan renovatsiya hududlaridagi barcha daraxt va butalar soni, yashil hududlar maydoni qat’iy hisobga olinishi, inventarizatsiyadan o‘tkazilishi;

Uchinchidan, loyiha hududlaridagi mavjud daraxtlar, yashil hududlar saqlab qolinishi, ularga hech qanday zarar yetkazilmasligi e’tiborga olingan holda har bir loyiha ekologik ekspertizadan o‘tkazilib, jamoatchilikka ma’lum qilinishi;

To‘rtinchidan, 10 yoshdan katta daraxtlarni saqlab qolish bilan birga, ularning boshqa joyga ko‘chirilishi, hudud ekologik qiyofasi o‘zgarishiga yo‘l quymaslik zarur.

Biz har bir loyiha, qurilish ishlari avvalo atrof-muhitga zarar yetkazilmasdan amalga oshirilishining tarafdorimiz. Daraxtlar kesilishi yoxud boshqa yo‘llar bilan yo‘q qilinganidan keyin uning kompensatsiyasini talab qilish emas, biz uchun avvalo, o‘sha daraxtlarning o‘z o‘rnida yashnab turishi muhim.  

Renovatsiya davomida bir dona bo‘lsa ham daraxtga zarar yetkazilmasligi lozim. Bu masalani Bosh prokuratura, Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi qat’iy nazoratga olishi kerak”, deyiladi partiya munosabatida.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 91405 | Инструменты