Gulistondagi portlashdan so‘ng 3 kishi qamoqqa olindi

Tergovga qadar to‘plangan maʼlumotlarga ko‘ra, oshxonada mavjud bo‘lgan o‘choqqa yong‘in xavfsizligi qoidalariga zid ravishda ulangan 50 litr hajmdagi suyultirilgan propan gazballonidan uglevodorod gazining sizib chiqishi natijasida havo bilan aralashma hosil bo‘lgan. Ushbu aralashmaning chaqnashi oqibatida kuchli portlash sodir bo‘lgan.

Oqibatda, jami 29 nafar fuqaro turli darajadagi kuyish jarohatlari bilan Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Sirdaryo viloyati filialiga yetkazilgan. Olingan tan jarohatlari tufayli 3 nafar fuqaro vafot etgan.

Jabrlanuvchilardan 5 nafariga zarur tibbiy yordam ko‘rsatilib, ahvoli qoniqarli deb baholangandan so‘ng uyiga javob berilgan. Qolgan bemorlarga statsionar sharoitida malakali tibbiy xizmat ko‘rsatish davom ettirilmoqda.

Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 192¹¹-moddasi 1-qismi, 257-moddasi 2-qismi “a, b” bandlari va 259-moddasi 2-qismi “a, b” bandlari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Bek Family Cafe MCHJning 3 nafar mansabdor shaxsi protsessual tartibda qamoqqa olingan.

Hozirda Ichki ishlar vazirining o‘rinbosari – IIV huzuridagi Tergov departamenti boshlig‘i Ramazon Ashropov boshchiligida hamkor idoralar mutaxassislaridan iborat tergov guruhi tomonidan barcha zarur tergov harakatlari amalga oshirilmoqda.

Tergov jarayoni nazoratga olingan bo‘lib, uning yakuni bo‘yicha qonuniy qaror qabul qilinishi va jamoatchilikka qo‘shimcha axborot berilishi maʼlum qilingan.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 120513 | Инструменты