Huawei 1
“ERP madaniyat” yagona boshqaruv tizimi: 12 ta yangi elektron davlat xizmatlari joriy qilinadi

Madaniyat vazirligida sohani raqamlashtirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlardan xabardor etish yuzasidan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.

Matbuot anjumani davomida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023 yil 27 iyuldagi “Ma’muriy islohotlar doirasida madaniyat va turizm sohasida davlat boshqaruvini samarali tashkil qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonida belgilangan vazifalar haqida so‘z yuritildi. “Madaniyat va san’at sohasida axborot texnologiyalarini rivojlantirish va boshqaruvni raqamlashtirish orqali xizmat ko‘rsatish jarayonlarini soddalashtirishga qaratilgan “ERP madaniyat” yagona boshqaruv tizimini ishlab chiqish hamda joriy qilish bo‘yicha 2024–2027 yillarga mo‘ljallangan harakatlar dasturi” ishlab chiqilgani ma’lum qilindi.

“ERP madaniyat” axborot tizimi doirasida jami 26 ta, shundan boshqaruv jarayonlarini raqamlashtirish uchun 10 ta, ta’lim jarayonlarini raqamlashtirish uchun 5 ta, ijodiy faoliyat bilan bog‘liq jarayonlarni raqamlashtirish uchun 6 ta, raqamlashtirish orqali aholiga qulay, ishonchli va sifatli madaniy xizmat ko‘rsatish uchun 5 ta axborot tizimlari ishlab chiqilishi belgilangan. 

Yuqoridagi axborot tizimlarining ishlab chiqilishi natijasida 12 ta yangi elektron davlat xizmatlarining joriy qilinishi rejalashtirilgan. 

Shuningdek, aholiga qulaylik yaratish maqsadida yuqorida aytib o‘tilgan quyi axborot tizimlaridan foydalanish uchun ularning modul va funksiyalaridan kelib chiqib 5 ta mobil ilova ishlab chiqiladi. 

“ERP madaniyat” axborot tizimini ishlab chiqish natijasida vazirlik tizimidagi 1 ming 400 dan ortiq tizim tashkilotlari faoliyatida boshqaruv jarayonlari to‘liq raqamlashtiriladi. 34 ming nafardan ortiq soha xodimlari hamda madaniyat va san’at sohasida faoliyat olib borayotgan erkin ijodkorlarning yagona ma’lumotlar bazasi shakllantiriladi. Ularning milliy madaniyatimizni rivojlantirishga hamda O‘zbekiston imijini xalqaro maydonda yanada oshirish borasida amalga oshirayotgan ijodiy faoliyati bo‘yicha milliy reytingi yuritiladi. 

Mazkur tizimlarni joriy etish orqali madaniyat va san’at sohasiga ajratilayotgan davlat byudjeti mablag‘larini 20 foizgacha miqdorda iqtisod qilish rejalashtirilmoqda. 

Madaniyat vazirligi va tizim tashkilotlari faoliyatini vakolatli organlar, shuningdek, vazirlikning Ichki audit va moliyaviy nazorat bo‘limi tomonidan o‘rganishlar xulosalariga ko‘ra davlat byudjetidan ajratiladigan mablag‘lardan yiliga o‘rtacha hisobda 19 milliard so‘mga yaqin mablag‘ noto‘g‘ri sarflanishining oldini olish kutilmoqda.

“ERP madaniyat” yagona boshqaruv tizimini 2025 yil may oyidan boshlab, 2026 yil yakuniga qadar bosqichma-bosqich ishlab chiqish hamda joriy etish maqsad qilingan. Jumladan, 2025 yil yakuniga qadar 9 ta quyi axborot tizimi, 2026 yil yakuniga qadar esa 17 ta quyi axborot tizimlarini ishlab chiqish hamda amaliyotga joriy etish rejalashtirilgan. 

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 60123 | Инструменты