Huawei 1
Endi yangi qurilgan uylardagi lift yagona idoralararo platforma orqali ro‘yxatdan o‘tkaziladi

Maʼlumki, joriy yilning 1 mayidan boshlab “Shaffof qurilish” milliy axborot tizimining “Xavfsiz lift” yagona idoralararo elektron platformasi ishga tushirildi.

Endilikda yangi qurilib foydalanishga topshirilayotgan ko‘p kvartirali uy-joylardagi lift uskunalarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish “Xavfsiz lift” yagona idoralararo platforma orqali amalga oshiriladi. Bordiyu, ushbu platforma orqali davlat ro‘yxatidan o‘tkazilmasa yangi qurilgan ko‘p kvartirali bino foydalanishga qabul qilinmaydi.  

Shu o‘rinda savol tug‘iladi. Platformaning ishlash tartibi qanday bo‘ladi?  

Bu savolga Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi axborot xizmati rahbari Saidnosir Usmonov kuydagilarni maʼlum qildi.  

– Dastlab,  buyurtmachi tizimdan ro‘yxatdan o‘tadi. Liftlarning kerakli hujjatlarini, yaʼni sertifikat, pasport, dalolatnoma, liftlarga xizmat ko‘rsatuvchi tashkilot bilan tuzilgan shartnomalarni yuklaydi va ariza yuborish tugmasini bosadi. Ariza Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi qo‘mitasining hududiy bo‘limlariga kelib tushadi va u o‘z navbatida mutaxassisga yuboriladi.

Yuklangan hujjatlar bilan tanishgach,  mutaxassis, lokatsiyani lift turgan joyga chiqqan holda belgilaydi. Agar  lift belgilangan talablar asosida, yaʼni kuzatuv kamerasi, ikki tomonlama ovoz kuchaytirgich, dispetcherlik markazlariga ulangan va ARD qurilmasi bilan jihozlangan bo‘lsa qabul qilish tugmasini bosadi.

Agarda tizimga yuklangan hujjatlarda yoki belgilangan talablar bajarilmagan bo‘lsa, mutaxassis rad etish tugmasini bosadi va tizim arizani avtomatik tarzda buyurtmachiga yuboradi.

Mutaxassis qabul qilish tugmasini bosgandan so‘ng, ushbu hujjat Sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi qo‘mitasiga kelib tushadi hamda masʼul xodim tomonidan davlat ro‘yxatiga kiritilgach, buyurtmachiga QR-kodli maʼlumotnoma yuboriladi. Buyurtmachi mazkur QR-kodlarni belgilangan tartibda liftdan foydalanuvchilarga ko‘rinarli holda liftning kabina qismiga o‘rnatib qo‘yishi talab etiladi. Liftdan foydalanuvchilar mazkur QR-kodni telefon qurilmasi orqali  skaner qilganda ushbu lift to‘g‘risidagi maʼlumotlar aks etishi lozim. Bunda lift kim tomonidan o‘rnatilgani, qaysi tashkilot tomonidan xizmat ko‘rsatilishi, oxirgi marta o‘tkazilgan texnik ko‘rik natijalari, o‘rnatilgan yili kabi maʼlumotlar namoyon bo‘ladi.

Shuningdek, platformada liftlarga xizmat ko‘rsatuvchi tashkilotlarning reyestri ham yuritib boriladi.

Mazkur reyestrga Liftga xizmat ko‘rsatuvchining liftlarni o‘rnatish va taʼmirlash faoliyati uchun olgan ruxsatnomasining mavjud yoki mavjud emasligi, uning amal qilish muddati kiritilgan bo‘lishi kerak. Shuningdek, liftlarga xizmat ko‘rsatuvchi mutaxassislar to‘g‘risida  maʼlumotlar kiritilishi zarur.

Kelgusida “Xavfsiz lift” yagona idoralararo platformasi orqali respublikadagi ko‘p qavatli uy-joylardagi barcha lift uskunalarini real vaqt rejimida kuzatib borish imkoni yaratiladi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 62204 | Инструменты