Huawei 1
Elektr energiyasi va tabiiy gazga tariflar o‘zgarishi munosabati bilan kam ta’minlangan oilalarga ijtimoiy yordam ko‘rsatiladi

2024-yilning may oyidan boshlab elektr energiyasi va tabiiy gazga tariflar o‘zgarishi munosabati bilan kam ta’minlangan oilalarga va ayrim toifadagi iste’molchilarga ijtimoiy yordamlar ko‘rsatiladi. Bu haqda Ijtimoiy himoya milliy agentligi ma’lum qildi.

Vazirlar Mahkamasining qaroriga ko‘ra, 1-maydan elektr va tabiiy gaz tariflari o‘zgaradi. Qarorga muvofiq, yoqilg‘i-energetika resurslarining 2024—2025-yillarda bosqichma-bosqich o‘zgaradigan yangi narxlari hamda shu yilning 1-may sanasidan e’tiboran, aholi uchun elektr energiyasi va tabiiy gaz bir oylik iste’molining bazaviy me’yorlari tasdiqlandi.

Eng kam pensiya va nafaqa oluvchilar

1️-maygacha bo‘lgan muddatda yoqilg‘i-energetika resurslari narxlari oshishini hisobga olib, minimal iste’mol xarajatlari qiymatini qayta ko‘rib chiqiladi.

1 millionga yaqin eng kam pensiya va nafaqa oluvchilarning pensiya va nafaqa miqdorlari minimal iste’mol xarajatlari qiymatidan kam bo‘lmagan miqdorda qayta hisoblanadi.

Bolalar nafaqasi va moddiy yordam tayinlangan oilalarga

Aholining muhtoj qatlamlarini isitish mavsumida qo‘shimcha ijtimoiy himoyasini ta’minlash uchun 2024-yil noyabrda “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimi orqali bolalar nafaqasi va moddiy yordam tayinlangan oilalarga 270 ming miqdorda bir martalik kompensatsiya ajratiladi.

Ushbu kompensatsiya orqali, qariyb 1,5 mln kam ta’minlangan oilalarning ijtimoiy himoyasi ta’minlanadi.

Muhtoj oilalarga

Mazkur kompensatsiya “mahalla yettiligi” xulosalari asosida “Ijtimoiy himoya yagona reyestri”ga kirmagan qo‘shimcha 200 mingdan ortiq muhtoj oilalarga ham to‘lab beriladi.

Bunda “mahalla yettiligi” tomonidan muhtoj oilalar ro‘yxatlari uyma-uy yurgan holda shakllantiriladi.

Elektr energiyasi va tabiiy gaz bo‘yicha quyidagi miqdorlardagi iste’mol uchun bazaviy me’yor doirasidagi hamda bazaviy me’yordan oshgan narxlar o‘rtasidagi farq kompensatsiya qilib beriladi:

— tabiiy gaz uchun – oyiga bazaviy me’yordan ortiq foydalanilgan 250 kub metrgacha;

— elektr energiyasi uchun – oyiga bazaviy me’yordan ortiq foydalanilgan 150 kVt soatgacha.

Ijtimoiy me’yordan ortgan iste’mol uchun kompensatsiya olish uchun ehtiyojmand oila “Inson” ijtimoiy xizmatlar markaziga ariza beradi va kompensatsiya keyingi oyda haqiqiy iste’molidan kelib chiqib to‘lab beriladi.

Mazkur kompensatsiya to‘lovlari O‘zbekiston Respublikasining Davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan Ijtimoiy himoya milliy agentligi orqali to‘lab beriladi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga