Huawei 1
Ekologiya vazirligi havo ifloslanishini tushuntirib, Toshkentda PM2.5 ko‘tarilishi mumkinligi haqida ogohlantirdi

Kecha, 22 sentyabr kuni Toshkent havoning ifloslanishi bo‘yicha dunyoda birinchi o‘ringa chiqdi. Soat 17:15 holatiga ko‘ra, AQI ko‘rsatkich 556, ifloslanish darajasi xavfli. Bugun, 23 sentyabr soat 13:00 holatiga ko‘ra, indeks 135 tani tashkil etdi.

Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi atmosfera havosining ifloslanishi haqida maʼlumot berdi.

Joriy yil 21 sentyabr kuni mamlakat markazida atmosfera bosimi (1010 gPa.gacha) past bosimli hudud shakllanib, Samarqand, Jizzax, Sirdaryo va Toshkent viloyatlarida kunduzgi havo harorati +35 darajagacha ko‘tarilishiga sabab bo‘ldi.

Ushbu isish mintaqaga 21 sentyabrga o‘tar kechasi Kaspiy dengizi orqali harakatlangan, markazida atmosfera bosimi 1028 gPa gacha bo‘lgan sovuq antitsiklonning g‘arbiy frontoldi shamollari kirib kelishiga sabab bo‘ladi.

21 sentyabr kuni va 22 sentyabr tongida Navoiy viloyati sharqi, Aydarko‘l ko‘llar tizimi atrofiga esgan kuchli va davomli g‘arbiy shamollar o‘z yo‘nalishini Chordara suv ombori hududlaridan boshlab biroz shimol tomonga o‘zgartirdi.

22 sentyabrning ikkinchi yarmida sharqiy Qizilqum, Aydarko‘l tumani va PM2.5 viloyatlaridan ko‘tarilgan chang massalari Toshkentga yetib keldi.

22 sentyabr kuni soat 15:00 dan boshlab poytaxtning janubi-g‘arbiy hududlarida PM2.5 va PM10 mayda dispers zarrachalarining konsentratsiyasi ko‘tarila boshladi. Masalan, Uchtepa tumani hokimligi yaqinidagi Horiba avtomatik stansiyasi 142 mkg/m3 PM.5 ni qayd etdi - bu milliy meʼyordan (35 mkg/m3) 4 baravar yuqori.

Soat 16:00 ga kelib, tezligi 4 m/s bo‘lgan janubi-g‘arbiy shamol chang zarralarining shahar markazi va shimoli-sharqiga tarqalishiga yordam berdi. "Yangi O‘zbekiston" bog‘ida avtomatik stansiya PM2.5 ning ruxsat etilgan maksimal konsentratsiyasidan ikki baravar (68 mkg/m3) oshib ketganini qayd etdi. Shu bilan birga, Toshkent xalqaro aeroportida ko‘rish masofasi 5 km gacha qisqardi.

Soat 18:30 ga kelib, shahar bo‘ylab avtomatik stansiyalarda PM2.5 konsentratsiyasining keskin o‘sishi qayd etildi - 150 mkg/m3 gacha, bu meʼyordan 5 baravar ko‘p. Aeroportda ko‘rish masofasi 4 km gacha yomonlashgan.

Prognozga ko‘ra, respublikaning markaziy hududlaridan bosimi 1025 gPa gacha bo‘lgan sovuq antitsiklon o‘tadi, bu 24 sentyabrgacha ob-havoni belgilaydi.

"Ammo u Toshkent havosini to‘planib qolgan zarralardan to‘liq tozalashga qodir emas. Aksincha, havo oqimlari ularni asta-sekin yer yuzasiga yaqinlashtiradi. 23-24 sentyabr kunlari ertalab va kechqurun inversiya tufayli PM2.5 miqdori yana ortishi mumkin. Faqat 24 sentyabrga o‘tar kechasi, antitsiklonning ketishi va yangi siklonik jarayonlarning kirib kelishi bilan poytaxt havosi tezda tozalanishi mumkin," - deya prognoz qilmoqda vazirlik.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 92401 | Инструменты