Qo‘mita qayd etishicha, hududda har qanday qurilish va obodonlashtirish ishlari, jumladan daraxt va butalar, yashil maydonlar hamda tuproq qoplamiga ta’sir ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan ishlarni tegishli ekologik baholashdan o‘tkazmasdan amalga oshirish mumkin emas
Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasi ortidagi 1,3 gektar hududda avtoturargoh tashkil etish va obodonlashtirish loyihasi rejalashtirilayotgani haqida xabarlat tarqalgandi. Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi mazkur loyiha bo‘yicha hozircha ekologik ekspertiza xulosasi mavjud emasligini ma’lum qildi.
Qo‘mita qayd etishicha, hududda har qanday qurilish va obodonlashtirish ishlari, jumladan daraxt va butalar, yashil maydonlar hamda tuproq qoplamiga ta’sir ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan ishlarni tegishli ekologik baholashdan o‘tkazmasdan amalga oshirish mumkin emas.
Loyihada mingdan ortiq daraxt va buta ekilishi rejalashtirilgan. Biroq qo‘mita yangi ko‘chatlar mavjud ko‘p yillik daraxtlar va shakllangan yashil hududlarning ekologik, iqlimiy hamda rekreatsion ahamiyatini to‘liq qoplay olmasligini ta’kidladi.
Shu bois hududdagi mavjud yashil maydon va daraxtlarni maksimal darajada saqlab qolish, ularni to‘liq xatlovdan o‘tkazish hamda loyiha hujjatlarini belgilangan tartibda ekologik ekspertizadan o‘tkazish zarurligi qayd etildi.
Avvalroq Urbanizatsiya va uy-joy bozori milliy qo‘mitasi Toshkentdagi ayrim yashil hududlar o‘rnida avtoturargohlar tashkil etilishi hamda jamoat parki uchun belgilangan yerlarning auksionga chiqarilgani yuzasidan munosabat bildirgandi.
Qo‘mita shahar markazidagi mavjud yashil hududlarning qisqarishi, aholi dam olishi uchun mo‘ljallangan jamoat joylarida konstruktiv qurilishlar amalga oshirilishi maqsadga muvofiq emasligini ta’kidlagan.
Alpha version: 0.9.1.19 build 92411 | Инструменты