Toshkent shahridagi kriminogen vaziyatni sog‘lomlashtirish hamda jinoyatchilikka barham berish yo‘nalishida Davlat xavfsizlik xizmati va Ichki ishlar vazirligi xodimlari tomonidan olib borilgan tezkor-qidiruv tadbirlari doirasida Uchtepa tumanining Farhod ko‘chasida joylashgan “Avtomobil ehtiyot qismlari” bozorida 12 nafar shaxsdan tashkil topgan jinoiy guruh faoliyatiga chek qo‘yildi.
Jumladan, jinoiy guruh aʼzolari mijozning avtotransport vositasiga uning ruxsatisiz va oldindan kelishmagan holda turli jihozlar o‘rnatib, texnik xizmat ko‘rsatishgan. Shundan so‘ng, ushbu xizmat bozor narxida 600 AQSH dollari bo‘lishiga qaramasdan, fuqarodan 13300 AQSH dollarini tovlamachilik yo‘li bilan undirishgan.
Eng ayanchlisi, eʼtiroz bildirib, o‘z haqqini talab qilgan mijozga zo‘ravonlar qo‘rqitish yo‘li bilan tahdid qilishadi.
Yana shunga o‘xshash holatda esa jinoiy guruh aʼzolari boshqa bir fuqaroning avtomashinasiga uning roziligisiz turli ehtiyot qismlarni o‘rnatib, undan 3 barobar qimmat narxda pul talab qilishadi. Aniqlanishicha, ular avtomashina kalitini fuqarodan olib qo‘yib, tazyiq o‘tkazish orqali undan 15 mln. so‘m undirishgan.
Bundan tashqari, qonunbuzarlar yana 2 nafar fuqaroning avtomashinasini qo‘shimcha ehtiyot qismlar bilan jihozlash uchun ulardan jami 70 mln so‘m miqdorida pul olib, vaʼda qilingan ishni bajarishmagan.
Taʼkidlash joizki, jinoiy guruh aʼzolarining ko‘pchiligi 1988 - 2002 yillar oralig‘ida Toshkent shahri, Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlarida tug‘ilgan bo‘lib, ularning aksariyati muqaddam sudlangan shaxslar hisoblanadi.
Hozirda mazkur shaxslarning barchasiga nisbatan Jinoyat Kodeksining 165 - (tovlamachilik) va 168 - (firibgarlik) moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, qamoq ehtiyot chorasi qo‘llanildi.
Tergov doirasida guruh aʼzolarining boshqa jinoiy harakatlariga va ulardan jabr ko‘rgan fuqarolarning shaxsiga aniqlik kiritish bo‘yicha zarur chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Alpha version: 0.9.1.19 build 70920 | Инструменты