O‘tgan yilda haydovchilar 24 millionta huquqbuzarlik sodir etgan. Bularning 81 foizi qo‘pol qoidabuzarlikka kiradi. Samarqand, Qashqadaryo, Toshkent viloyati va Toshkent shahrida bu surunkali tus olgan.
Ijtimoiy tarmoqlarda aholi, hatto taniqli shaxslar o‘rtasida “jarimani to‘lab qo‘ydim-ku, xohlaganimdek yuraveraman”, deyish avj olgan.
“Endilikda yo‘llarda haydovchilik madaniyatini oshirish, ashaddiy huquqbuzarlarga qonun kuchini ko‘rsatish maqsadida yangi tizim qilamiz”, – dedi Prezident.
Buning uchun “Surunkali qoidabuzarlar” dasturi ishga tushiriladi.
Qarama-qarshi harakatlanish, chiroqning qizil rangida o‘tish bir oy ichida 2 marta sodir etilsa yoki tezlik 5 marta oshirilsa – 1 yilgacha jarimadan chegirma berilmaydi.
Bunday huquqbuzarliklar bir oy ichida 10 tadan ko‘p bo‘lsa – 6 oygacha haydovchilik guvohnomasidan mahrum qilinadi.
Shuningdek, tezlik uchun jarimalarni qayta ko‘rib chiqib, meʼyordan 2-3 karra tez yurganlarni haydovchilik huquqidan mahrum qilish bo‘yicha qonunchilikka o‘zgartirish kiritish maqsadga muvofiq ekani qayd etildi
Qoidabuzarlik uchun ayrim YHXBlar oradan 7-8 oy o‘tib jarima qo‘llash qarorini chiqarayotgani bo‘yicha eʼtirozlar ko‘pligi ko‘rsatib o‘tildi.
Endilikda qoidabuzarlik sodir etilgan kundan boshlab bir oyda qarori chiqmasa, haydovchi hech qanday jarima to‘lamasligi belgilandi.
Zamonaviy yo‘llar qurilayotgani, yuqori xavfsizlik moslamalari mavjud mashinalar soni ham kun sayin ko‘payib borayotgani sababli tezlik masalasida yangicha yondashuvlar kerakligi taʼkidlandi.
Ichki ishlar vazirligiga viloyat hokimlari bilan tezlik cheklovlarini qayta ko‘rib chiqsa bo‘ladigan yo‘l uchastkalari ro‘yxatini shakllantirish topshirildi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 70920 | Инструменты