Huawei 1
Poytaxtdagi tirbandliklarni kamaytirish maqsadida “Intellektual transport” axborot tizimi ishga tushadi

Jamoat transportini qulay va xavfsiz qilish bo‘yicha hududlarda yaxshi innovatsion tajribalar boshlangan.

Masalan, Toshkent shahrida 200 kilometr yo‘l, 4 ta ko‘prikni taʼmirlash uchun Xitoydan 300 million dollar investitsiya jalb qilinmoqda.

Shuningdek, poytaxtdagi tirbandliklarni kamaytirish maqsadida “Intellektual transport” axborot tizimi ishga tushadi.

Ushbu tizimga Toshkent shahridagi 700 dan ziyod chorraha va ulardagi barcha svetofor, foto va videokuzatuv moslamalari ulanadi.

Transport oqimiga qarab svetoforlarni masofadan boshqarish hisobiga tirbandliklar 25-30 foizga kamayishi mumkin.

Prezident yana bir masalaga eʼtibor qaratdi.

Ayrim vazirlik va idoralar, hokimliklarning maʼmuriy binosi joylashgan ko‘chalar yopib qo‘yilganidan, shusiz ham tirband ko‘chalarda ularning xodimlari yo‘lni 2-3 qatorini “parkovka” qilib olganidan aholi norozi.

Prezident topshirig‘iga ko‘ra, 15 ming nafar haydovchilar o‘rtasida so‘rov o‘tkazildi. Poytaxtda ham, yirik shaharlarda ham qonuniy “parkovkalar” yetishmagani uchun ular mashinasini yo‘l bo‘yiga qo‘yishga majburligini bildirgan.

“Umuman, oddiy haydovchilar dardini eshitadigan odam, muloqot platformasi yo‘q”, - dedi Prezident.

Mutasaddilarga barcha tashkilot va mahallalardagi asossiz qo‘yilgan taqiqlovchi belgilarni olib tashlash topshirildi.

Vazirlik va idoralar xodimlari aholiga noqulaylik yaratib, “parkovka” qilib olgan hududlarda foto va video kameralar o‘rnatib, jazo muqarrarligini taʼminlash vazifasi qo‘yildi.

Davlat xizmatchilari jamoat transportida yurish bo‘yicha namuna bo‘lishi kerakligi qayd etildi. Endilikda Hukumat qarori bilan tasdiqlangan ro‘yxatdan tashqari rahbarlarning xizmat mashinasiga yo‘llarda ustunlik berilmasligi belgilandi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 70921 | Инструменты