Yo‘llarda bolalar xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha chora-tadbirlar kengaytirilganiga qaramay, ular hali ham yetarli emas. Bu masalani har tomonlama ko‘rib chiqish kerak, dedi Oliy Majlisning Bolalar huquqlari bo‘yicha vakili Surayyo Rahmonova IIV Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati rahbari Sherzod Ibragimov bilan uchrashuvda.
Ko‘plab ko‘chalar bo‘ylab trotuar mavjud emasligi masalasi ko‘tarilib, bu bolalar bilan to‘qnashuv xavfini oshiruvchi asosiy omil sifatida belgilandi. Bu muammoni hal etish uchun mas’ul tashkilotlar bilan hamkorlikni kuchaytirish zarur, ta’kidlandi uchrashuvda.
Qayd etilishicha, kichik bolalar bilan bog‘liq ko‘plab YTHlar turar joy hududlarida ota-ona nazoratisiz qolganda sodir bo‘ladi. Mamlakatda yana bir keng tarqalgan muammo — avtomashina boshqarish yoshiga yetmagan o‘smirlarning transport boshqaruvi. Ota-onalar mas’uliyatini oshirish, tarbiyaviy ishlarni faollashtirish zarurligi qayd etildi.
Tomonlar yo‘llarda bolalar xavfsizligini ta’minlash umumiy maqsad ekanini tasdiqladi va bu boradagi hamkorlikni yangi bosqichga ko‘tarishga kelishib oldi.
E’lon qilingan ma’lumotlarga ko‘ra, "Xavfsiz bolalik" dasturi doirasida bugungi kunga qadar mamlakat bo‘ylab maktablar oldiga 425 komplekt svetofor, 865 ta qavariq piyodalar o‘tish joyi, 1599 ta sun’iy notekislik, 7598 ta temir panjara o‘rnatildi. 5150 ta maktabda yo‘l harakati xavfsizligi qoidalarini o‘rgatuvchi maxsus sinflar tashkil etilgan, o‘quvchilar uchun 42300 dan ortiq "xavfsiz yo‘nalish xaritasi" ishlab chiqilgan.
Alpha version: 0.9.1.19 build 51416 | Инструменты