O‘zbekiston ilk bor Milandagi “BIT-2026” xalqaro turizm ko‘rgazmasida ishtirok etdi

2026-yil 10-12-fevral kunlari O‘zbekiston turizm salohiyati ilk bor Italiyaning Milan shahrida bo‘lib o‘tayotgan BIT-2026 (Borsa Internazionale del Turismo) xalqaro turizm ko‘rgazmasida namoyish etildi.

Italiyaning yirik ko‘rgazmalar majmuasi biri “Rho Fiera Milano”da 46-marotaba tashkil etilgan “BIT” ko‘rgazmasi Italiya va xalqaro bozorlarning asosiy ishtirokchilarini birlashtirgan turizm sohasi mutaxassislari uchun namunaviy maydon bo‘lib kelmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Turizm qo‘mitasi tomonidan tashkil etilgan milliy stendda mamlakatimizda faoliyat yuritayotgan turkompaniyalar vakillari tomonidan O‘zbekistonning boy madaniy merosi, noyob sayyohlik yo‘nalishlari hamda zamonaviy turistik xizmatlari ko‘rgazma mehmonlari orasida keng targ‘ib etildi.

Tadbir doirasida G2B, B2B va B2C formatlaridagi bir qator uchrashuvlar o‘tkazildi. Xususan, Turizm qo‘mitasi bilan marketing, konsalting va reklama kompaniyalari o‘rtasida ko‘plab uchrashuv va muzokaralar amalga oshirildi.

Yevropa turoperatorlari bilan sayyohlik yo‘nalishlarini targ‘ib qilish bo‘yicha hamkorlikni kengaytirishga alohida e’tibor qaratildi. Muzokaralar davomida qo‘shma marketing kampaniyalari, shuningdek, Italiya va Yevropa bozorlariga mo‘ljallangan yangi sayyohlik marshrutlarini ishlab chiqish masalalari muhokama etildi.

O‘zbekistonning “BIT-2026” ko‘rgazmasida ilk bor ishtirok etishi mamlakatning xalqaro imidjini mustahkamlash, hamkorlik aloqalarini kengaytirish va O‘zbekistonni Italiya va umuman Yevropa bozorida istiqbolli va ko‘p qirrali sayyohlik yo‘nalishi sifatida targ‘ib qilishda muhim qadam bo‘ldi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 21316 | Инструменты