Andijon viloyati jinoyat ishlari bo‘yicha Xonobod shahar sudi raisi Yu. E. korrupsiyada gumonlanmoqda. Buni Sudyalar oliy kengashi tasdiqladi.
Bildirilishicha, bugun, 12 may kuni Sudyalar oliy kengashining yig‘ilishi bo‘lib o‘tgan. Unda Bosh prokurorning Andijon viloyati jinoyat ishlari bo‘yicha Xonobod shahar sudi raisi Yu.E.ni Jinoyat kodeksining 168- (Firibgarlik) va 28,211 (Pora berish)-moddalari tegishli qismi bilan jinoiy javobgarlikka tortishga oid taqdimnomasi muhokama qilingan.
Yakunda Kengash xulosasi bilan Yu. E. ni jinoiy javobgarlikka tortishga rozilik berilgan va uning sudyalik vakolati to‘xtatilgan.
Qayd etilishicha, tergov siri va aybsizlik prezumpsiyasi talablaridan kelib chiqib, boshqa tafsilotlar oshkor qilinmaydi.
“Ijtimoiy tarmoqlardagi aksariyat manbalarda tarqatilayotgan shu mavzudagi xabarlar bo‘rttirilgan bo‘lib, barcha holatlarga tergov yo‘li bilan aniqlik kiritiladi”, deyiladi xabarda.
Alpha version: 0.9.1.19 build 51218 | Инструменты