Huawei 1

AOKAda Favqulodda vaziyatlar vazirligi rahbariyati ishtirokida o‘tkazilgan matbuot anjmunida sel-toshqin va yer ko‘chki hodisalari bilan bog‘liq favqulodda vaziyatlardan aholini va hududlarni muhofaza qilish ishlari yuzasidan maʼlumot berildi. 

Toshqinga qarshi Hukumat komissiyasi tomonidan joriy yil uchun sel-toshqin va ko‘chki hodisalari bilan bog‘liq favqulodda vaziyatlarning oldini olish va oqibatlarini bartaraf etish bo‘yicha asosiy chora-tadbirlar Dasturi har yili ishlab chiqilib, tasdiqlanadi va amalga joriy etiladi.

 Sodir bo‘lishi mumkin bo‘lgan suv toshqini va sel oqimining oldini olish va xavf-xatarsiz o‘tkazib yuborish maqsadida, har yili Andijon, Jizzax, Qashqadaryo, Surxondaryo, Navoiy, Namangan, Samarqand, Farg‘ona va Toshkent viloyatlari hokimliklari balansida bo‘lgan daryo va soylarning o‘zanlarini tozalash va qirg‘oqlarini mustahkamlash ishlari olib borilishi tashkil etiladi.

Hukumat tomonidan respublikamiz aholisi va hududlarini sel-toshqinlar va yer ko‘chki hodisalari bilan bog‘liq favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish uchun maxsus mablag‘lar ajratib kelinayotganligi bu boradagi tadbirlarning sifati va samaradorligini yana-da oshirmoqda. Raqamlarga to‘xtaladigan bo‘lsak, ushbu yo‘nalishdagi tadbirlar uchun

2021 yilda 98 milliard 360 million so‘m, 2022 yilda 135 milliard 74 million so‘m, 2023 yilda 117 milliard 28 million so‘m, 2024 yilda 150 milliard so‘m mablag‘ ajratilganligini ko‘rishimiz mumkin.

Jumladan, 2025 yil ham davlat byudjetidan ajratilgan 130 milliard so‘m mablag‘lar hisobiga jami 68 ta obyektlarda muhandislik himoya ishlari bajarilishi rejalashtirilgan.

Xavfli hududlarda istiqomat qilayotgan aholini xavfsiz joyga ko‘chirish, tegishli muhandislik himoya tadbirlarini amalga oshirish yuzasidan mahalliy hokimliklar va mutasaddi korxona, tashkilotlar rahbarlariga yozma ko‘rsatmalar berilib, aniq muddatlar belgilandi.

Aholini suv toshqinlari, sel oqimlari va ko‘chki hodisalari bilan bog‘liq favqulodda vaziyatlarda tezkorlik bilan ogohlantirish hamda favqulodda vaziyatlarning oldini olishga qaratilgan profilaktik tadbirlar va qutqaruv ishlarini amalga oshirish maqsadida joylarda tashkil etilgan jami 131 ta nazorat-kuzatuv postlari zaruriy aloqa vositalari bilan taʼminlandi.

Favqulodda vaziyatlar vazirligi Markaziy apparati binosida sel oqimlari va toshqin suvlariga qarshi kurashish bo‘yicha idoralararo tezkor Shtab faoliyati yo‘lga qo‘yilib, Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Suv xo‘jaligi va Sog‘liqni saqlash vazirliklari, Gidrometeorologiya xizmati markazi, Avtomobil yo‘llari va Davlat geologiya qo‘mitalarining masʼul xodimlari tarkibidan navbatchilik tashkil qilindi hamda hududlardagi vaziyat bo‘yicha muntazam ravishda axborot almashinuvi olib borilib, gidrotexnik inshootlardagi suv miqdori nazoratga olindi.

Mahalliy davlat hokimiyati organlari, tegishli idora va tashkilotlar bilan hamkorlikda xavfli hududlarda daryolar, soylar va kanallar o‘zanlarini tozalash, qirg‘oq va dambalarni mustahkamlash bo‘yicha 166 ta maxsus-taktik o‘quv mashqlari rejalashtirilgan bo‘lib, bugungi kun holatiga jami 133 ta maxsus-taktik o‘quv mashqlari o‘tkazildi.

Tadbirlar davomida 4532 nafar ishtirokchi va 992 ta texnika tomonidan 169 877 m3 tuproq, 70 962 m3 qum-shag‘al, 12 832 m3 beton ishlari bajarilib, 138 km masofadagi magistral kanal, daryo va soylar o‘zanlarining tozalanishiga erishildi.

Shuningdek, 2610 ta profilaktik-ogohlantiruv tadbirlari o‘tkazilib, ularda 347 129 nafar aholi qamrab olindi. Olib borilgan uchrashuvlar davomida fuqarolarga 254 096 dona eslatma, bukletlar tarqatildi.

Ommaviy axborot vositalaridan keng foydalanib, televideniye orqali 339 ta va radio orqali 11 989 ta chiqishlar, gazetada (jurnal) sahifalarida  565 ta maqolalar chop etildi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 51919 | Инструменты