Huawei 1
1 sentyabrdan PPX bo‘linmalari pulli xizmatlar ko‘rsatishi mumkin bo‘ladi

O‘zbekistonda 1 sentyabrdan boshlab patrul-post xizmati bo‘linmalari pulli xizmatlar ko‘rsatishi mumkin bo‘ladi. Tegishli qaror Vazirlar Mahkamasi tomonidan 30 iyul kuni qabul qilindi.

Qarorga ko‘ra, 1 sentyabrdan boshlab yuridik shaxslar PPX bo‘linmalariga shartnoma-huquqiy asosda xizmatlardan foydalanish uchun YAIDXP va Davlat xizmatlari markazlari orqali murojaat qilishlari mumkin bo‘ladi.

PPX bo‘linmalari IIVning «Elektron patrul» tizimi orqali jamoat tartibi va xavfsizligini taʼminlash xizmatlarini ko‘rsatishi mumkin bo‘ladi.

Tasdiqlangan maʼmuriy reglamentga ko‘ra quyidagilar tartibga solinadi:

  • aholi gavjum joylarda jamoat tartibi va xavfsizligini taʼminlash bo‘yicha ichki ishlar organlari patrul-post xizmati bo‘linmalariga yuridik shaxslar tomonidan murojaat qilish tartibi;

  • arizalarni ko‘rib chiqish va ularni rad etish asoslari;

  • jamoat tartibi va xavfsizligini taʼminlash ishlarini tashkil etish tartibi.

Maʼmuriy reglament ommaviy tadbirlarni, yig‘ilishlar, mitinglar va ko‘cha namoyishlarini tashkil etish va o‘tkazishga taalluqli emas.

Belgilangan shakldagi ariza vakolatli organ tomonidan qabul qilingan kundan boshlab 10 ish kuni mobaynida ko‘rib chiqiladi. Bu jarayonda vakolatli organ xodimi ariza beruvchi bilan birgalikda fuqarolar to‘planadigan joyni ko‘zdan kechiradi.

Ko‘zdan kechirish natijasida obyekt hududining chegaralari, kerakli xodimlar soni, xizmat xonalari va postlar joylashuvi, harakat yo‘nalishlari, javobgarlik hududi, ish rejimi va xodimlar faoliyati tartibi ko‘rsatilgan akt tuziladi hamda shartnoma loyihasi ishlab chiqiladi.

Aholi gavjum joylarda jamoat tartibi va xavfsizligini taʼminlash bo‘yicha PPX bo‘linmalari tomonidan ko‘rsatiladigan xizmatlar tariflari Iqtisodiyot va moliya vazirligi bilan kelishilgan holda belgilangan tartibda belgilanadi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 80708 | Инструменты