Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo'mitasi huzuridagi ishchi guruhning yig'ilishi o'tkazildi.
2018-yil 21-sentyabr kuni O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatida Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo'mitasi huzuridagi ishchi guruhning “Davlat bojxona xizmati to'g'risida”gi O'zbekiston Respublikasi Qonuniga o'zgartish va qo'shimchalar kiritish haqida”gi O'zbekiston Respublikasi Qonuni muhokamasiga bag'ishlangan yig'ilishi bo'lib o'tdi.
Yig'ilishda ta'kidlanganidek, O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi tomonidan joriy 6 sentyabr kuni qabul qilingan ushbu Qonun “Davlat bojxona xizmati to'g'risida”gi O'zbekiston Respublikasi Qonunining yangi tahririni tasdiqlashni nazarda tutadi.
Qonuniylik, yagonalik, ochiqlik va shaffoflik, jismoniy hamda yuridik shaxslarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlariga rioya etish bojxona organlari faoliyatining asosiy prinsiplari etib belgilanmoqda.
Shuningdek, Qonunda bojxona organlarining asosiy vazifalari, ularning huquq va majburiyatlari, bojxona organlarida xizmat o'tash tartibi, bojxona organlari xodimlarini huquqiy va ijtimoiy himoya qilish mustahkamlanmoqda. Yangi normalarga ko'ra, bojxona organi xodimi davlat organi vakili hisoblanadi va davlat himoyasi ostida bo'ladi.
Ta'kidlanganidek, Qonun bojxona organlari faoliyatining huquqiy asoslarini takomillashtirishga, fuqarolar va tashqi iqtisodiy faoliyat ishtirokchilari huquqlari hamda erkinliklarini ishonchli himoya qilish bo'yicha qo'shimcha huquqiy mexanizmlarni o'rnatishga, bojxona organlari xodimlari majburiyatlarini bajarish bilan bog'liq huquqiy xatti-harakatlar kafolatlarini yaratishga, bojxona organlari xodimlarini moddiy va ijtimoiy himoya qilishni yanada kuchaytirishga, qonun hujjatlarida ishlatiladigan idoraviy atamalarning bir xilda qo'llanilishini ta'minlashga xizmat qiladi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 53121 | Инструменты