Huawei 2
Vazirlar uchrashuvi Markaziy Osiyo mamlakatlari va Ko'rfaz arab davlatlari salohiyatini uyg'unlashtirishda muhim bosqich bo'ldi

Toshkentda "Markaziy Osiyo – Ko'rfaz arab davlatlari hamkorlik kengashi" Strategik muloqoti tashqi ishlar vazirlarining ikkinchi uchrashuvi bo'lib o'tdi.

O'zbekiston tashqi ishlar vaziri raisligida o'tgan Strategik muloqotda ishtirokchi mamlakatlar hukumatlarining yuqori darajadagi vakillari boshchiligidagi delegatsiyalari qatnashdi.

Ochiq, konstruktiv va do'stona muhitda o'tgan yig'ilishda tomonlar 2023-yil 19-iyul kuni Jidda shahrida bo'lib o'tgan Markaziy Osiyo va Ko'rfaz arab davlatlari hamkorlik kengashi yetakchilarining birinchi sammitida erishilgan kelishuvlarni amalga oshirilishini ko'rib chiqdilar.

Siyosat, xavfsizlik, savdo-iqtisodiy, investitsiya, transport-kommunikatsiya, madaniy-gumanitar va atrof-muhitni himoya qilish yo'nalishlarida hamkorlikni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.

Shuningdek, 2025-yilda Samarqandda o'tkazilishi rejalashtirilgan "Markaziy Osiyo – Ko'rfaz arab davlatlari hamkorlik kengashi" formatidagi navbatdagi oliy darajadagi uchrashuvga tayyorgarlik ko'rish bo'yicha fikr almashildi.

O'zbekiston tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov yig'ilishning ochilish qismidagi nutqida, uchrashuv tarovatli bahor kunlarida nishonlangan Ramazon oyi va muborak Ramazon hayitidan so'ng o'tkazilayotganida ramziy ma'no borligini ta'kidladi.

"O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylari 2023-yil iyul oyida Jidda shahrida bo'lib o'tgan Strategik muloqotning birinchi sammitida Markaziy Osiyo va Ko'rfaz mintaqasi xalqlarini qadimdan yaqin savdo aloqalari, mushtarak qadriyatlar va urf-odatlar, muqaddas islom dinimiz bog'lab turganligiga alohida urg'u bergani bejiz emas", dedi u.

Uchrashuvda so'zga chiqqan Ko'rfaz arab davlatlari hamkorlik tashkilotiga a'zo mamlakatlarning yuqori martabali vakillari Markaziy Osiyo mamlakatlari ularning eng muhim savdo sheriklaridan biri ekanini ta'kidlab, ikki mintaqa o'rtasidagi munosabatlarni har tomonlama mustahkamlashga tayyor ekanliklarini bildirdilar.

Xususan, Ko'rfaz arab davlatlari hamkorlik kengashi bosh kotibi Jasim Muhammad Al-Budayviy O'zbekiston tomoniga strategik muloqotni rivojlantirishdagi muhim o'rni uchun minnatdorlik bildirdi. Shuningdek, u Toshkent uchrashuvi strategik muloqot doirasida hamkorlik asoslarini mustahkamlash, o'zaro maslahatlashuv va sheriklik mexanizmlarini ishlab chiqishga xizmat qilishiga ishonch bildirdi.

Birlashgan Arab Amirliklari Prezidentining Markaziy Osiyo bo'yicha maxsus vakili, BAA energetika va infratuzilma vaziri Suhayl al-Mazruiy o'z navbatida, Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan iqtisodiy sheriklik chuqurlashayotganini qayd etdi. Uning aytishicha, 2023-yilda ikki tomon o'rtasida neftdan tashqari savdo hajmi 9,6 milliard dollarga, BAAning Markaziy Osiyo mamlakatlariga investitsiyalari hajmi esa 2019 - 2023-yillarda 13 milliard dollarga yetgan.

Birlashgan Arab Amirliklari energetika va infratuzilma vaziri, shuningdek, BAA va O'zbekiston o'rtasida qiymati 10 milliard dollardan ziyod investitsiyaviy hamkorlik to'g'risida Anglashuv memorandumi imzolanganiga e'tibor qaratib, sarmoyalar qayta tiklanadigan energiya manbalari, infratuzilma, logistika, raqamli transformatsiya kabi ustuvor sohalarni qamrab olishini ta'kidladi.

Kuvayt tashqi ishlar vaziri Abdulla al-Yahyo o'z ma'ruzasida, uning mamlakati Markaziy Osiyo va Ko'rfaz arab davlatlari o'rtasidagi sheriklikni qo'llab-quvvatlaydi va uni rivojlantirishdan manfaatdor. Vazirning aytishicha, bu kabi tadbirlar zamonaviy tahdidlarga qarshi kurash hamda har ikki mintaqada tinchlik va barqarorlikni mustahkamlashga bo'lgan umumiy e'tiborni namoyon etadi.

Markaziy Osiyo mamlakatlari tashqi siyosat idoralari rahbarlari ham Ko'rfaz arab davlatlari bilan o'zaro hamkorlik faollashganini qayd etdilar. Xususan, savdo-iqtisodiy, energetika, transport va boshqa sohalardagi o'zaro hamkorlikning yuksak natijalari alohida urg'ulandi. Shuningdek, turizm, qishloq xo'jaligi, ekologiya, qurilish, suvni tejash, sun'iy intellekt va boshqa ko'plab sohalarda hamkorlikni kengaytirish zarurligi ta'kidlandi.

Turkmaniston Vazirlar Mahkamasi Raisi o'rinbosari, tashqi ishlar vaziri Rashid Meredov  Toshkent uchrashuvi ikki mintaqa mamlakatlari salohiyatini uyg'unlashtirishda muhim bosqich ekanini ta'kidladi. Uning fikricha, mintaqalararo hamkorlik kompleks yondashuvni talab qilib, uni muvofiqlashtirishda tashqi ishlar vazirliklari muhim o'rin tutadi.

Tojikiston tashqi ishlar vaziri Sirojiddin Muhriddin va Qirg'iziston tashqi ishlar vaziri Jeenbek Kulubayev 2023-2027-yillarga mo'ljallangan "Qo'shma harakatlar dasturi"ni amalga oshirishda mas'ul idoralar ishini jadallashtirish zarurligini ta'kidladilar.

Tadbirda faxriy mehmon sifatida ishtirok etgan Ozarbayjon tashqi ishlar vaziri Jayxun Bayramov o'z nutqida, uning mamlakati Markaziy Osiyo va Ko'rfaz arab davlatlari o'rtasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirishda konstruktiv rol o'ynashga qat'iy sodiq qolishini ta'kidlab, bu borada o'z tajribasi va resurslarini baham ko'rishga tayyorligini bildirdi.

Uchrashuv yakunida tomonlar umumiy qadriyatlar va o'zaro manfaatlarga asoslangan barqaror va istiqbolli hamkorlikni mustahkamlashda sobitqadam va birdam ekanliklarini tasdiqladilar.

Yig'ilish yakuni bo'yicha Qo'shma bayonot qabul qilindi.

"Markaziy Osiyo – Ko'rfaz arab davlatlari hamkorlik kengashi" Strategik muloqoti tashqi ishlar vazirlarining navbatdagi yig'ilishini 2026-yilda Kuvaytda o'tkazish to'g'risida kelishildi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga