Prezidentning tegishli qaroriga asosan, Toshkent davlat tibbiyot universiteti rektori lavozimiga Shuhrat Abdujalilovich Boymuradov tayinlandi.
Mazkur tayinlov joriy yil 23 aprel kuni Sog‘liqni saqlash vazirligida soha vakillari ishtirokida bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda rasman eʼlon qilindi.
Sog‘liqni saqlash vaziri yig‘ilishda ishtirok etgan tibbiyot oliy taʼlim muassasalari rahbarlari bilan uchrashib, tayinlov va Prezident qarorida ko‘zda tutilgan maqsadlar haqida batafsil maʼlumot berdi.
Prezident qaroriga muvofiq, Toshkent davlat tibbiyot universiteti tashkil etildi. Yangi universitet tibbiy kadrlar tayyorlash, ularning malakasini oshirish va ilmiy-tadqiqot faoliyatini takomillashtirishga ixtisoslashgan zamonaviy taʼlim muassasasi hisoblanadi.
Universitet uchta tibbiyot oliy taʼlim muassasasini birlashtirgan holda faoliyat yuritadi. Unda xalqaro talablarga javob beradigan taʼlim muhiti, zamonaviy moddiy-texnika bazasi, ilg‘or boshqaruv tizimi, transformatsiya ofisi hamda xalqaro akkreditatsiyani amalga oshiruvchi milliy markaz tashkil etiladi.
Shuningdek, xalqaro mutaxassislar jalb etilishi, maʼnaviy-maʼrifiy ishlar tizimini tubdan yangilash, moddiy-texnika taʼminotini kuchaytirish va taʼlim sifatini baholash mexanizmlarini joriy etish belgilangan. Universitet boshqaruv tizimi rahbarlari yangilandi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 50202 | Инструменты