Huawei 1
Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston Milliy muzeyiga asos soldi

Prezident Shavkat Mirziyoyev 27-avgust kuni O‘zbekiston Milliy muzeyi qurilishiga tamal toshi qo‘ydi.

Davlatimiz mustaqilligi milliy o‘zligimizni yuzaga chiqarib, ezgu sa’y-harakatlarga asos bo‘lib kelmoqda. Har yilgidek, bu galgi istiqlol bayrami ham yaxshi yangiliklarga vasila bo‘lmoqda. Shunday tarixiy voqealardan biri yangi Milliy muzeyga asos solinishidir.

Tashrif chog‘ida davlatimiz rahbariga ushbu inshoot loyihasi va xususiyatlari, qurilish bosqichlari haqida axborot berildi.

Muzey Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi shafeligida Yaponiyaning “Tadao Ando Architect & Associates” arxitektura byurosi hamda Germaniyaning “Atelier Brückner” kompaniyasi tomonidan loyihalashtirilgan. Uning tashqi qiyofasi aylana, to‘rt burchak va uch burchak shaklida bo‘lib, Sharq va G‘arb madaniyatini o‘zida uyg‘unlashtiradi. Majmua 3 qavatli muzey, 2 qavatli yerto‘la hamda yordamchi binolardan iborat bo‘ladi. Xitoyning “CSCEC International Construction” kompaniyasi tomonidan quriladi.

Poytaxtimizda ushbu muzey qurilishiga bag‘ishlangan marosim bo‘lib o‘tdi. Shu munosabat bilan O‘zbekiston Milliy bog‘i yaqinidagi maydonga madaniyat va san’at namoyandalari, olimlar va adiblar, nuroniylar, jamoatchilik vakillari yig‘ildi.

– Hamma sohada rivojlanish bilan birga qadriyatlarimizni tiklashga harakat qilyapmiz. Islom sivilizatsiyasi markazi, Imom Buxoriy majmuasi, Olimpiya shaharchasi kabi ulkan inshootlar quryapmiz. Buning zamiridagi asosiy maqsad shuki, bu binolar xalqimizga mulk bo‘lib qolishi kerak. Mana endi yana bir tarixiy majmua – O‘zbekiston Milliy muzeyi qurilishini boshlayapmiz. Bu muzey uch ming yillik boy tariximizni odamlarga, dunyo hamjamiyatiga va kelajak avlodga yetkazadigan ilm-ma’rifat va madaniyat maskani bo‘ladi, - dedi Shavkat Mirziyoyev.

 Qayd etilganidek, hozir birgina Toshkentdagi 30 ta muzeyda 1 milliondan ziyod eksponat bor. Ularning 100 mingi Davlat san’at muzeyida bo‘lib, shundan bor-yo‘g‘i 2 ming 400 tasi namoyishga qo‘yilgan. Ko‘rgazma zallari yetarli bo‘lmagani sababli 97 mingdan ziyodi omborda saqlanmoqda.

– Markaziy Osiyo, Xitoy, Yaponiya, Hindiston va Yevropa davlatlari madaniyatini o‘zida aks ettirgan bu noyob san’at asarlari nafaqat bizning, balki butun insoniyatning beqiyos boyligi. Ularni asrab-avaylab, kelgusi avlodlar uchun beshikast yetkazish, dunyo ommasiga namoyish qilish orqali mamlakatimizning boy tarixi va madaniyatini tarannum etish barchamizning muqaddas burchimiz, - deya ta’kidladi Prezident.

Bunday mahobatli muzey yurtimiz tarixida ilk bor barpo etilmoqda. Uning umumiy maydoni 40 ming kvadrat metr bo‘ladi. Ko‘rgazma zallari, kutubxona, restavratsiya laboratoriyalari va eksponatlarni saqlash xonalarida eng zamonaviy qulayliklar tashkil etiladi.

Bu orqali hozirda poytaxtimizning turli muzeylarida tarqoq joylashgan tarixiy ashyolar, ko‘hna va zamonaviy san’at asarlarini yaxlit ko‘rish mumkin bo‘ladi. Umuman, muzeyda bir vaqtning o‘zida 10 mingga yaqin eksponatni namoyish qilish imkoniyati yaratiladi.

Bundan tashqari, 4 ming kvadrat metr maydonda konferensiya zallari, auditoriya va restoranlar, bolalar maydonchalari joylashadi.

Muzey ishga tushsa, atrofidagi Abulqosim madrasasi, Xalqlar do‘stligi saroyi va O‘zbekiston Milliy bog‘i bilan bir joyda yaxlit me’moriy kompozitsiyaga aylanadi. Yurtdoshlarimiz va xorijiy sayyohlar tashrif buyuradigan tematik turizm maskani bo‘ladi.

Kelajakda ushbu muzey dunyoga mashhur Luvr, Metropolitan va Britaniya muzeylari bilan yaqindan hamkorlik o‘rnatib, noyob eksponatlar olib kelinadi va ko‘rgazmalar tashkil qilinadi.

– Ishonchim komil, yangi barpo etiladigan majmua mamlakatimizning jahon tarixi va taraqqiyotida tutgan o‘rnini yanada yorqinroq ko‘rsatadi. Bir yil emas, o‘n yil emas, ko‘p yillar davomida xalqimizga xizmat qiladi, - dedi Shavkat Mirziyoyev so‘zining yakunida.

Shundan so‘ng davlatimiz rahbari majmua poydevoriga kapsula qo‘yib, qurilishni boshlab berdi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 82722 | Инструменты