Huawei 1
Pekinda O‘zbekiston Turizm ofisi ochildi

2025 yil 1-sentabr kuni Xitoy Xalq Respublikasining poytaxti Pekin shahrida O‘zbekiston Turizm ofisi tantanali ravishda ochildi. Ushbu muhim tadbir oliy darajadagi rasmiy tashrif doirasida o‘tkazildi va ikki mamlakat o‘rtasidagi do‘stona munosabatlar, o‘zaro ishonch hamda strategik sheriklikning yana bir yorqin timsoliga aylandi.

Ochilish marosimida Turizm qo‘mitasi raisi Umid Shadiyev, Xitoy sanoat va savdo federatsiyasining Pekin tashqi madaniy savdo assotsiatsiyasi ijrochi direktori Chi Lu xonim, Xitoyning yirik sayyohlik kompaniyalari vakillari va boshqa rasmiy mehmonlar ishtirok etdi. Tadbir davomida so‘zga chiqqanlar Pekinda ochilgan Turizm ofisi O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi sayyohlik aloqalarini yanada mustahkamlashda muhim rol o‘ynashini hamda mazkur ofis Xitoydagi yirik turistik kompaniyalarga O‘zbekiston bozoriga kirishda, hamkorlikni yo‘lga qo‘yishda ko‘maklashishini ta’kidladilar. Shu bilan birga, Turizm ofisi xorijiy investorlarga turizm sohasidagi imkoniyatlar haqida to‘liq ma’lumot taqdim etib, yangi loyihalarni amalga oshirishda faol ishtirok etadi.

Ta’kidlash joizki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Xitoy Xalq Respublika raisi Si Tszinpin tashabbuslari tufayli ikki tomonlama aloqalar so‘nggi yillarda yangi bosqichga ko‘tarildi. Xususan, turizm sohasida ham o‘zaro hamkorlik jadal sur’atlarda rivojlanmoqda. Buni 2025 yil 1 iyundan kuchga kirgan 30 kunlik vizasiz rejim, shuningdek ikki davlat o‘rtasida haftasiga 50 dan ortiq aviaqatnovlar yo‘lga qo‘yilgani yaqqol ko‘rsatib turibdi. Yaqin yillarda bu ko‘rsatkichni 100 reysgacha oshirish rejalashtirilgan.

Bundan tashqari, 2025 yil “Xitoyda O‘zbekiston turizm yili” deb e’lon qilingani ham ikki davlat o‘rtasidagi turistik hamkorlikni mustahkamlashga xizmat qilmoqda. Ushbu yil davomida O‘zbekiston delegatsiyalari Xitoyning 9 ta yirik shahrida roudshowlar o‘tkazdi, sayyohlik ko‘rgazmalarida faol ishtirok etmoqda, yil oxirigacha yana bir qator provinsiyalarda taqdimot tadbirlari rejalashtirilgan.

O‘zbekiston tomoni 2030 yilga kelib Xitoydan mamlakatga tashrif buyuruvchi sayyohlar sonini 3 million nafarga yetkazishni maqsad qilgan. Pekindagi yangi turizm ofisi esa ushbu ulkan maqsad sari tashlangan muhim qadamlardan biridir.

Marosim yakunida O‘zbekiston vakillari barcha ishtirokchilarni yurtimizga sayohat qilishga taklif etib, O‘zbekiston xitoylik sayyohlar uchun ochiq va qulay yo‘nalishlardan biri bo‘lib qolishini ta’kidladilar.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 90219 | Инструменты