Prezident raisligida yo‘l harakati xavfsizligini taʼminlash va tirbandlikni kamaytirish bo‘yicha videoselektor yig‘ilishi boshlandi.
Oxirgi 7 yilda bu borada ko‘p ishlar qilingani taʼkidlandi. Yo‘llarni qurish va taʼmirlashga 61 trillion so‘m ajratildi. Bu 2017 yilgacha berilgan mablag‘lardan 3,5 barobar ko‘p.
Onlayn murojaat tizimi ishga tushib, yo‘l harakati xavfsizligi bo‘linmalariga kelish 50 foizga kamaydi.
Shuningdek, 3 ming 365 nafar YHXX xodimiga elektron planshet va bodikamera olib berildi. Qoidabuzarliklarni sunʼiy intellekt asosida saralash va qaror chiqarish amaliyoti joriy qilindi.
Haydovchilik huquqiga imtihon, yo‘l chiziqlari chizish, texnik ko‘rik kabi 8 ta xizmat tadbirkorlarga autsorsingga berildi.
Shaharlarda jamoat transporti uchun maxsus yo‘laklar tashkil qilindi.
O‘tgan oyda ham haydovchilarga qator yengilliklar berildi.
Birinchi bor huquqbuzarlik qilganlarni jazolash emas, ogohlantirish yo‘lga qo‘yildi.
Yo‘l chiziqlarini bosish holatlarini kamera orqali fiksatsiya qilish bekor qilindi.
Jamoat transporti uchun mo‘ljallangan tasmalarda kechqurun boshqa haydovchilar ham yurishiga ruxsat berildi.
Shaharlarda yo‘llarni kunduzi taʼmirlash taqiqlandi.
Radar bor joyda yo‘l belgisini o‘rnatish majburiy bo‘ldi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 70920 | Инструменты