Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Islomobod shahriga davlat tashrifi doirasida “Ayvoni Sadr” qarorgohida Pokiston Islom Respublikasi Prezidenti Asif Ali Zardoriy bilan tor doirada va delegatsiyalar ishtirokida uchrashuv oʻtkazdi.
Oʻzbekiston va Pokiston oʻrtasidagi koʻp qirrali hamkorlikni yanada kengaytirish, doʻstlik hamda strategik sheriklikni mustahkamlashning joriy holati va dolzarb yoʻnalishlari muhokama qilindi.
Uchrashuv avvalida Asif Ali Zardoriy davlatimiz rahbarini Strategik hamkorlik kengashining birinchi yigʻilishi muvaffaqiyatli boʻlgani munosabati bilan tabrikladi hamda ushbu davlat tashrifi ikki tomonlama munosabatlarni chuqurlashtirishga yangi surʼat bagʻishlaydigan tarixiy ahamiyatga ega ekanini qayd etdi.
Yangi Oʻzbekistonni 2030-yilgacha rivojlantirish strategiyasi doirasida amalga oshirilayotgan keng koʻlamli ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar yuqori baholandi.
Turli darajalardagi faol aloqalar mamnuniyat bilan qayd etildi. Tovar ayirboshlash va qoʻshma korxonalar soni barqaror oʻsib bormoqda. Iqtisodiyotning ustuvor tarmoqlarida kooperatsiya loyihalari amalga oshirilmoqda.
Islomoboddagi sammitga tayyorgarlik doirasida Hukumatlararo komissiya yigʻilishi va siyosiy maslahatlashuvlar samarali oʻtkazildi.
Amaliy hamkorlikni yanada kengaytirish, jumladan, siyosiy muloqotni mustahkamlash, savdo-iqtisodiy va investitsiya aloqalarini rivojlantirish hamda ishbilarmonlik almashinuvlarini faollashtirish muhimligi taʼkidlandi.
Yaqin istiqbolda oʻzaro savdo hajmini 2 milliard dollarga yetkazish boʻyicha qoʻshma chora-tadbirlarni muvofiqlashtirish va amalga oshirish masalalari atroflicha koʻrib chiqildi.
Hududlar oʻrtasidagi hamkorlikni rivojlantirishga alohida eʼtibor qaratildi. Hududlararo forumning birinchi yigʻilishini shu yil Xivada oʻtkazishga kelishib olindi.
Xalqaro tashkilotlar doirasidagi hamkorlikni mustahkamlash yuzasidan fikr almashildi. Tomonlar dolzarb mintaqaviy va xalqaro kun tartibi boʻyicha pozitsiyasi oʻxshashligi hamda bir-birlarini qoʻllab-quvvatlashni davom ettirishlarini yana bir bor tasdiqladilar.
Madaniy va gumanitar almashinuvlarni yanada kengaytirish hamda taʼlim, ekologiya, sport va boshqa sohalarda qoʻshma loyihalarni ilgari surishga oʻzaro intilish qatʼiy ekani qayd etildi.
Muzokaralar yakunida Shavkat Mirziyoyev Asif Ali Zardoriyni Oʻzbekistonga tashrif bilan kelishga taklif etdi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 20616 | Инструменты