Huawei 2
"O‘zbekiston bilan munosabatlarimizni yanada rivojlantirishdan manfaatdormiz" — Jasim Muhammad Al-Budaiviy

"Markaziy Osiyo – Ko‘rfaz arab davlatlari hamkorlik kengashi" Strategik muloqoti tashqi ishlar vazirlarining ikkinchi yig‘ilishida ishtirok etish uchun O‘zbekistonga kelgan Ko‘rfaz arab davlatlari hamkorlik kengashi Bosh kotibi Jasim Muhammad Al-Budaiviy o‘z intervyusida ushbu formatning ikki mintaqa rivoji uchun muhim ahamiyatini ta’kidladi.

"Markaziy Osiyo va Ko‘rfaz arab davlatlari hamkorlik kengashi" Strategik muloqoti tashqi ishlar vazirlarining ikkinchi uchrashuvini o‘tkazishdan maqsad – kelgusi yili Samarqand shahrida bo‘lib o‘tadigan "Markaziy Osiyo – Ko‘rfaz arab davlatlari hamkorlik kengashi" formatidagi ikkinchi oliy darajadagi sammitga tayyorgarlik ko‘rishdan iborat. Ya’ni, bo‘lajak yig‘ilish yana bir muvaffaqiyatli sammitga poydevor qo‘yish vazifasini o‘tamoqda. Yana bir muhim sababi esa, Ko‘rfaz arab mamlakatlari Markaziy Osiyo davlatlari bilan o‘zaro yaxshi munosabatda ekanligidir.

Biz barcha ilgari surilgan takliflarni amaliyotga tadbiq etamiz. 2023 yilning iyul oyida Jidda shahrida bo‘lib o‘tgan "Ko‘rfaz arab davlatlari hamkorlik kengashi va Markaziy Osiyo" formatidagi oliy darajadagi birinchi sammit chog‘ida ilgari surilgan tashabbuslarni ham amalga oshirib kelyapmiz", deydi u.

Jasim Muhammad Al-Budaiviy shu o‘rinda eng muhim tashabbuslardan biri bu – O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan ilgari takliflarni turli jabhalarda rivojlantirish bo‘yicha hujjatlar kelishuvini ishlab chiqish ekanligini aytdi.

Hozirgi kunda Ko‘rfaz arab davlatlari hamkorlik kengashiga a’zo mamlakatlar mazkur takliflarni ko‘rib chiqmoqda va biz ushbu kelishuvni amalga oshirishni intiqlik bilan kutyapmiz.

Ko‘rfaz davlatlari va Markaziy Osiyo mamlakatlari o‘rtasida siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy, raqamli iqtisodiyot, sun’iy intellekt, shuningdek, iqtisodiy koridorlar yaratish bo‘yicha hamkorlik qilish mumkin bo‘lgan juda ko‘p yo‘nalishlar mavjud. Biz Ko‘rfaz arab mamlakatlari va Markaziy Osiyo davlatlari hamkorligining istiqboli porloq ekaniga ishonamiz.

O‘zbekiston Ko‘rfaz mamlakatlari bilan ikki tomonlama asosda mustahkam munosabatlarga ega. Eng muhim belgilardan biri bu O‘zbekistondagi Ko‘rfaz arab davlatlari elchixonalari soni ko‘pligida ham ko‘rinib turibdi. Shuningdek, davlatingiz rahbarining mintaqamizga tashriflari, turli tadbirlardagi ishtiroki, g‘oya va tashabbuslari va tashqi ishlar vazirining tashriflari hamda natijalariga nazar tashlaydigan bo‘lsak, O‘zbekiston g‘oyat yuksak pog‘onada turibdi. Ishonch bilan aytishim mumkinki O‘zbekiston Ko‘rfaz arab davlatlari hamkorlik kengashi mamlakatlari orasida alohida o‘rin tutadi. Ayniqsa, davlatingizning Saudiya Arabistoni, Birlashgan Arab Amirliklari va Qatar bilan istiqbolli hamkorlik rejalarini alohida qayd etish kerak.

Umid qilamizki, O‘mon, Bahrayn va Kuvayt bilan ham hamkorlik aloqalari yanada kengayadi. O‘zbekiston Ko‘rfaz arab davlatlari hamkorlik kengashi mamlakatlari orasida alohida ahamiyatga ega. Ular O‘zbekistonning pozisiyasini, uning standartlarini hamda mintaqaviy va Markaziy Osiyodagi haqiqiy qiymatini yaxshi biladi. Shunday ekan, biz O‘zbekiston bilan munosabatlarimizni yanada rivojlantirishdan manfaatdormiz", dedi u.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga