Yangi vazirlik maktabgacha ta’lim, maktab, kasbiy va oliy ta’limdan tortib, oliy ta’limdan keyingi ta’lim, qayta tayyorlash, malaka oshirish hamda qo‘shimcha va norasmiy ta’limgacha bo‘lgan barcha yo‘nalishlarni qamrab oladi
O‘zbekistonda inson kapitalini rivojlantirishning yangi bosqichi boshlanmoqda. Prezidentning tegishli farmoni bilan Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi hamda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi negizida Ta’lim va ilm-fan vazirligi tashkil etiladi.
Yangi vazirlik maktabgacha ta’lim, maktab, kasbiy va oliy ta’limdan tortib, oliy ta’limdan keyingi ta’lim, qayta tayyorlash, malaka oshirish hamda qo‘shimcha va norasmiy ta’limgacha bo‘lgan barcha yo‘nalishlarni qamrab oladi.
Bunday yondashuv ta’limning barcha bosqichlarini yagona maqsad va umumiy yondashuvlar asosida rivojlantirish, ular o‘rtasidagi uzviylikni ta’minlash hamda insonning ta’lim olishi va kasbiy rivojlanishini yaxlit jarayon sifatida tashkil etishga xizmat qiladi.
Ta’lim va ilm-fanni boshqarish bo‘yicha yangi islohotlar xalqaro tajribaga ham asoslanmoqda. Rivojlangan davlatlarning ko‘pchiligida ta’limning asosiy bosqichlari bitta boshqaruv tizimi doirasida muvofiqlashtiriladi.
Bunday boshqaruv modeli AQSh, Angliya, Avstraliya, Koreya, Latviya, Litva, Niderlandiya, Chexiya, Norvegiya, Finlyandiya, Xitoy, Yaponiya va boshqa rivojlangan mamlakatlarda ham qo‘llanadi. Bu ta’lim siyosatini umumiy yondashuv asosida samarali amalga oshirish imkonini beradi.
Ta’lim siyosatining asosiy yo‘nalishlarini yagona boshqaruv tizimi doirasida muvofiqlashtirish ta’limning turli bosqichlari o‘rtasidagi izchillikni kuchaytirish va ta’lim sifatini oshirish uchun yaxlit yondashuvni shakllantiradi.
Shu bilan birga, oliy ta’lim muassasalari mustaqilligini kengaytirish yangi tizimning muhim tamoyillaridan biri hisoblanadi. Davlatning oliy ta’lim muassasalari faoliyatiga aralashuvini qisqartirish, ularga kengroq mustaqillik berish hamda nodavlat sektor uchun qo‘shimcha imkoniyatlar yaratish ko‘zda tutilmoqda.
Dunyo tajribasida erkin raqobat va bozor talabi ta’lim sifatini oshirishga muhim turtki beradi. Bu oliy ta’lim muassasalarini ta’lim dasturlari va xizmatlarini muntazam takomillashtirishga, sifat uchun raqobat qilishga undaydi.
Yangi tizimning asosiy maqsadi — ta’limning barcha bosqichlarini o‘zaro uzviy bog‘lash, ta’lim sifatini oshirish va inson kapitalini rivojlantirishga xizmat qiladigan yagona, zamonaviy tizimni shakllantirish.
Alpha version: 0.9.1.19 build 100518 | Инструменты