Unda 200 gektarda qariyb 33 ming aholiga moʻljallangan 10 mingga yaqin, shu jumladan, birinchi bosqichda 3 mingta xonadonli turar joylar qurilishi koʻzda tutilgan
Prezident Jizzax viloyatida integratsiyalashgan atom elektr stansiyasi hamda unga yondosh zamonaviy shaharcha barpo etish boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlar taqdimoti bilan tanishdi.
Qurilish davrida ishchi va mutaxassislar hamda ularning oilalarini munosib yashash sharoiti bilan taʼminlash maqsadida atomchilar shaharchasini barpo etish rejasi ham koʻrib chiqildi. Unda 200 gektarda qariyb 33 ming aholiga moʻljallangan 10 mingga yaqin, shu jumladan, birinchi bosqichda 3 mingta xonadonli turar joylar qurilishi koʻzda tutilgan.

Shaharchada energiya samarador koʻp qavatli uylar, maktab va maktabgacha taʼlim tashkilotlari, tibbiyot, sport va madaniyat obyektlari, dam olish maskanlari hamda keng yashil hududlar boʻladi. Qurilishda zamonaviy issiqlik himoyasi, muqobil energiya va “aqlli” yoritish yechimlaridan foydalaniladi.
Loyihani boshqarish va texnik nazoratni kuchaytirish, texnologik yechimlarni mustaqil ekspertizadan oʻtkazish uchun yetakchi xorijiy injiniring kompaniyalari ishtirokida qoʻshma korxona tashkil etish taklifi bildirildi. Shuningdek, qariyb mingta sohaviy standartni milliy tizimga moslashtirish va amaliyotga joriy etish belgilandi.
Davlat rahbari atom stansiyasi va atomchilar shaharchasi qurilishini yuqori sifatda, xavfsiz va belgilangan muddatlarda amalga oshirish, mahalliy korxonalar ishtirokini kengaytirish, infratuzilma hamda kadrlar tayyorlash ishlarini uygʻun tashkil etish boʻyicha mutasaddilarga aniq topshiriqlar berdi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 90420 | Инструменты