Farg‘ona filarmoniyasida Simfonik orkestr va Milliy cholg‘u ansambli tashkil qilinadi

Quvada Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida Farg‘ona viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha ustuvor vazifalar yuzasidan yig‘ilish bo‘lib o‘tmoqda.

Viloyatda madaniy tadbirlarni ko‘paytirish masalasiga ham to‘xtalib o‘tildi.

Madaniyat vazirligiga Farg‘ona filarmoniyasida Simfonik orkestr va Milliy cholg‘u ansamblini tashkil qilish topshirildi.

Ushbu orkestr va ansambl sayyohlar eng ko‘p keladigan Farg‘ona, Qo‘qon, Marg‘ilon shaharlari, Rishton, Quva va Farg‘ona tumanlarida haftalik konsertlar o‘tkazadi.

Shuningdek, Farg‘ona shahrida yangi tashkil bo‘layotgan “Eko shahar”da musiqa maktabini tashkil qilish bo‘yicha taklif kiritishga ko‘rsatma berildi.

Umuman, bugun Farg‘ona uchun yaratilayotgan sharoitlar kamida 10 milliard dollarlik investitsiyaga zamin bo‘layotgani taʼkidlandi.

Yig‘ilishda Quva tumani, Qo‘qon va Marg‘ilon shaharlarini rivojlantirishga alohida eʼtibor qaratildi.

Quva aholisi 280 mingga yaqinlashdi. Tumanda tadbirkorlar juda ko‘p, imkoniyat ham, sharoit ham yetarli. Tuman hokimligi to‘g‘ri yondashuv qilsa, investitsiya, ishlab chiqarish, ish o‘rni va eksportni karrasiga oshirish mumkinligi ko‘rsatib o‘tildi.

Masalan, Quvada meva-sabzavotni qayta ishlash quvvati 10 foiz. Mustaqillik mahallasidagi 100 dan ziyod xonadon yaqin joydan 15 gektar yer ajratilsa, meva ulgurji bozorini tashkil qilishga tayyor.

Rossiyalik investorlar ham 5 gektarda 20 million dollarlik 100 ming tonna mevani qayta ishlaydigan agrologistika markazini qurish, saudiyalik hamkor isitish va sovutish tizimlari uchun ehtiyot qismlar ishlab chiqarish bo‘yicha taklif bildirgan.

Bu loyihalarni amalga oshirish yuzasidan tegishli ko‘rsatmalar berildi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 42319 | Инструменты