2030-yilgacha 5 ming kilometr tarmoq va 16 ta yirik podstansiya qurish, energiya saqlash quvvatlarini 4,5 gigavattga yetkazish rejalashtirilgan
Shavkat Mirziyoyev yoqilgʻi-energetika tarmogʻidagi islohotlarni jadallashtirish va sohaning investitsiyaviy jozibadorligini oshirish yuzasidan sarmoyadorlar bilan ochiq muloqot oʻtkazdi.
Prezident barqaror energiya taʼminoti iqtisodiyot rivoji, tadbirkorlar rejalari va aholi farovonligi uchun muhimligini taʼkidladi. Soʻnggi 10 yilda energetika bozori xususiy sarmoyaga ochilib, davlat-xususiy sheriklik mexanizmlari joriy etildi. Bu davrda sohaga 35 milliard dollar investitsiya kiritildi. Quyosh, shamol va gidroelektr stansiyalari hisobiga qayta tiklanuvchi energiyaning jami generatsiyadagi ulushi 31 foizga yetdi.
Muloqot kuni umumiy qiymati 4 milliard 700 million dollarlik 6 ta yirik loyiha boʻyicha bitimlar imzolandi. Ular doirasida 3 ming megavatt generatsiya va 400 megavatt energiya saqlash quvvati yaratiladi.
Endi har bir loyiha yangi quvvat yaratish bilan birga taʼminot ishonchliligini oshirishi va elektr yoʻqotishlarini kamaytirishi zarur. 2030-yilgacha 22 ming megavatt yangi quvvat barpo etish, yillik elektr ishlab chiqarish hajmini 129 milliard kilovatt-soatdan oshirish va qayta tiklanuvchi energiya ulushini 54 foizga yetkazish maqsad qilingan.
Buning uchun generatsiya, uzatish va energiya saqlash tizimlari oʻzaro bogʻliq holda rivojlantiriladi. Qaysi hududda qanday quvvat zarurligi oldindan rejalashtirilib, tayyor loyihalar ochiq tanlovga chiqariladi. Investorlarga yer maydoni, tarmoqqa ulanish hamda elektrni xarid qilish shartlari avvaldan maʼlum qilinadi. Yaqin vaqtda umumiy quvvati 2 ming 200 megavatt boʻlgan oltita quyosh va shamol stansiyasi loyihasi tanlovga qoʻyiladi.
Ilk bor energetika sohasining 2050-yilgacha boʻlgan Milliy bosh rejasi ishlab chiqilib, eʼlon qilinadi. Kelgusi yil martgacha tarmoqlarga ulanish imkoniyatlari xaritasi, iyulga qadar esa toʻliq bosh reja taqdim etiladi. Bu sarmoyadorlarga loyihalarini uzoq muddatga rejalashtirish imkonini beradi.
2030-yilgacha 5 ming kilometr tarmoq va 16 ta yirik podstansiya qurish, energiya saqlash quvvatlarini 4,5 gigavattga yetkazish rejalashtirilgan. Shuningdek, sanoat korxonalari va maʼlumotlar markazlarining oʻsib borayotgan ehtiyojini hisobga olib, ular uchun ishonchli elektr taʼminotini oldindan tashkil etish zarurligi taʼkidlandi.
Taqsimlash tarmoqlarida xususiy sektor ishtirokini kengaytirish, ijtimoiy soha obyektlari va nasos stansiyalarini energiya tejamkor texnologiyalar asosida yangilash masalalari ham koʻrib chiqildi. “Yashil” energiya ishlab chiqaruvchilarning sertifikatlar va karbon kreditlardan qoʻshimcha daromad olishi uchun mexanizmlar joriy etiladi.
Davlat rahbari investitsiya loyihalari mahalliy sanoat uchun ham yangi imkoniyatlar ochishi kerakligini taʼkidladi. Yuqori kuchlanishli uskunalar, energiya saqlash tizimlari va shamol generatorlari butlovchi qismlarini mahalliylashtirish boʻyicha 850 million dollarlik 12 ta istiqbolli loyiha tayyorlangan. Forish tumanida qurilayotgan atom elektr stansiyasi uchun zarur mahsulotlar ishlab chiqariladigan maxsus sanoat zonasini tashkil etish rejalashtirilmoqda.
Neft-gaz sohasida geologiya-qidiruv ishlari, konlar samaradorligini oshirish va xomashyoni chuqur qayta ishlash boʻyicha hamkorlik kengaytiriladi. Ustyurtda “SOCAR” va “British Petroleum” kompaniyalari bilan 6 ta investitsiya blokida qidiruv ishlari olib borilmoqda, xorijlik hamkorlarga taklif etish uchun yana 128 ta blok tayyorlangan. Buxoro viloyatidagi MTO loyihasini amalga oshirish, Buxoro va Fargʻona neftni qayta ishlash zavodlarini modernizatsiya qilish rejalari ham qayd etildi.
Suyultirilgan gaz taʼminotiga bozor mexanizmlarini bosqichma-bosqich joriy etish masalasiga toʻxtalib, davlat rahbari bunda taʼminot uzluksizligi, xavfsizlik va aholiga xizmat koʻrsatish sifati ustuvor boʻlishi shartligini taʼkidladi.
Yangi energiya obyektlari uchun mutaxassislar tayyorlashda investorlar ishtirokini kengaytirish taklif qilindi. Kelgusi oʻquv yilidan oliygohlarda energetika yoʻnalishlari boʻyicha qabul kvotalari oshiriladi, har yili 50 nafar yoshning yetakchi xorijiy universitetlarda tahsil olishi uchun davlat grantlari ajratiladi.
Sarmoyadorlar yer ajratish, tarmoqqa ulanish va texnik shartlarni olish bilan bogʻliq masalalarni doimiy muloqot orqali hal etish tashabbusini ilgari surgan edi. Shu munosabat bilan Yoqilgʻi-energetika sohasida investorlar kengashi tashkil etiladi. Prezident Administratsiyasi Rahbari boshchilik qiladigan Kengash loyihalarni tayyorlashdan tortib, obyektlarni ishga tushirishgacha boʻlgan jarayonda yuzaga keladigan masalalarga tezkor yechim topish bilan shugʻullanadi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 101704 | Инструменты