AQSH Davlat kotibi Entoni Blinken Toshkentda O'zbekiston Tashqi ishlar vazirligi rahbariyati bilan muzokara o'tkazdi

Bugun AQSH davlat kotibi Entoni Blinken O‘zbekistonga tashrif buyurdi. 

Tashrif doirasida u O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri vazifasini bajaruvchi Baxtiyor Saidov boshchiligidagi rasmiylar bilan muzokara o‘tkazdi.

Baxtiyor Saidov o‘z so‘zida Blinkenning O‘zbekistonga ilk tashrifi ikki tomonlama keng miqyosdagi munosabatlarni rivojlantirishga xizmat qilishini ta’kidladi. 

"Ikki hafta oldin, 19-fevral kuni biz O‘zbekiston va AQSH o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatilganining 31 yilligini nishonladik. O‘tgan yillar davomida hamkorligimiz ikki tomonlama va mintaqaviy hamkorligimizning barcha yo‘nalishlarida, jumladan, "C5+1" loyihasi doirasida ham sezilarli darajada rivojlandi.

Biz AQSH ma’muriyati prezident Mirziyoyevning O‘zbekistondagi samarali boshqaruvi, qonun ustuvorligi, inson huquqlarini ta’minlash, qo‘shnilarimiz bilan yaxshi va do‘stona munosabatlarni chuqurlashtirishga qaratilgan islohotlar dasturini doimiy qo‘llab-quvvatlab kelayotganini yuksak qadrlaymiz. Men bugungi konstruktiv muhokamalarimizni hamda O‘zbekiston va AQSH o‘rtasidagi siyosiy yo‘nalish, savdo va sarmoya, fan-texnika, ta’lim va inson taraqqiyoti sohalaridagi hamkorlikni kengaytirishning umumiy ustuvor yo‘nalishlarini intiqlik bilan kutaman", — dedi u.

O‘z navbatida, AQSH davlat kotibi mehmondo‘stlik uchun minnatdorlik bildirar ekan, "Toshkentda bo‘lish juda yoqimli" ekanini ta’kidladi. "Baxtiyor, kecha siz bilan xayrlashib Ostonadan jo‘nab ketdim, bu yerga yetib kelganimda esa salomlashish uchun samolyot yonida turganingizni ko‘rdim. Siz bu yerga bizdan oldin yetib kelganingiz — sehrli muvaffaqiyat", — dedi u.

Blinken o‘z so‘zida O‘zbekiston prezidentining islohotlar dasturini yuqori baholadi va ikki tomonlama hamkorlik rivojlanayotganini qayd etdi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 50716 | Инструменты