Senatning sakkizinchi yalpi majlisida voyaga yetmagan bolalarning taʼminoti uchun aliment undirish va to‘lash tizimini takomillashtirish bo‘yicha ko‘rilayotgan chora-tadbirlar yuzasidan Vazirlar Mahkamasiga parlament so‘rovi yuborish masalasi ko‘rib chiqildi. Unda aliment undirish va to‘lash tizimida bajarilgan ishlar bilan birga, yuzaga kelayotgan muammolar haqida maʼlumot berildi. Shundan kelib, ularni hal etish bo‘yicha takliflar ilgari surildi. Bu haqda UzReport TV muxbiri xabar berdi.
Taʼkidlanishicha, moddiy taʼminotga muhtoj bolalarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash, aliment bo‘yicha qarzdorlikni undirish imkonsiz bo‘lgan taqdirda uni bir yo‘la to‘lash maqsadida Bosh prokuratura huzuridagi Majburiy ijro byurosida “Aliment to‘lovlari” jamg‘armasi tashkil etilib, ushbu to‘lovlar uchun 50 mlrd so‘m mablag‘ ajratilgan. Majburiy ijro byurosi organlari tomonidan 2024 yil davomida 2,1 trln so‘m mablag‘lar, shundan oldindan to‘lov sifatida 46,3 mlrd so‘m miqdorida aliment pullari undirilgan. 2025 yil yanvar holatiga ko‘ra, “Aliment to‘lovlari” jamg‘armasi hisobidan 1 723 nafar undiruvchiga 40,6 mlrd so‘m mablag‘ to‘lab berilgan. Muhokama davomida bolalarning taʼminoti uchun aliment undirish va to‘lash jarayonida ayrim muammo va kamchiliklar borligi taʼkidlandi.
Muhokama davomida ish joyi bo‘lmagan va daromadi aniqlanmagan qarzdorlardan alimentni undirish borasidagi ayrim muammolarga ham eʼtibor qaratildi.
“Agar o‘z vaqtida Jamg‘arma mablag‘larini joyiga qaytarish yoki uning qo‘shimcha manbalari belgilanmasa, keyingi to‘lovlarni amalga oshirishning imkoni bo‘lmaydi” deya qo‘shimcha qildi senator. Yig‘ilishda bank hisob raqami ochish bilan bog‘liq muammoga ham eʼtibor qaratildi. Taʼkidlanishicha, Oila kodeksiga asosan voyaga yetmagan bola sud qarori bilan ota-onasidan olinib, bolalar tarbiya muassasasiga joylashtirilgan bo‘lsa, ota va onaning har biridan mazkur bola foydasiga belgilangan miqdorlarda alimentlar undiriladi. Bunda undirilgan alimentlar mazkur bola nomiga ochilgan bank hisobvarag‘ida jamlanadi va u voyaga yetganda to‘lanadi. Biroq voyaga yetmagan bolalar nomiga bank hisobvarag‘i ochishning huquqiy asoslari belgilanmaganligi uchun bugungi kunga qadar alimentlar boshqa hisobvaraqlarga to‘lab borilgan.
Muhokama yakunida yuqorida tilga olingan dolzarb masalalarni o‘z ichiga olgan parlament so‘rovini Vazirlar Mahkamasiga yuborish to‘g‘risida Senat qarori qabul qilindi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 62702 | Инструменты