Huawei 1
Srechko Katanes: Biz ham o‘z darajamizga egamiz, istalgan jamoa uchun qiyin raqibmiz

O‘zbekiston milliy terma jamoasi bosh murabbiyi Srechko Katanes JCH-2026 saralashidan o‘rin olgan Eron bilan o‘yin oldidan o‘z fikrlarini bildirdi.

Srechko Katanes:

- Biz uchrashuvga tayyormiz. Eronni yaxshi bilamiz, ular bilan ko‘p bor to‘qnash kelganmiz. Osiyoning eng yaxshi jamoalaridan biri hisoblangan Eronga qarshi bahs oson o‘tmasligi aniq. Futbolchilarim o‘z darajalarini ko‘rsatishlariga ishonaman. Umid qilamanki, har ikki jamoa toza futbol ko‘rsatadi va kartochkalarsiz o‘yin guvohi bo‘lamiz. Biz ham o‘z darajamizga egamiz, istalgan jamoa uchun qiyin raqibmiz. Bor e’tiborimiz ushbu bahsga qaratilgan.

Eronga qarshi g‘alabasiz seriya bu shunchaki statistika xolos. Ertangi bahsda eronlik qaysi futbolchilar katta sahnaga chiqadi buni bilmayman. Asosiy e’tiborim o‘z o‘yinimizga qaratilgan. Jamoamdagi har bir futbolchi Taremi va Azmun singari futbolchilarga qarshi nima qilayotganini aniq bilib turishlarini istayman. Albatta, ehtiyotkorlikni ham yoddan chiqarmasligimiz zarur. Bosimni yengib o‘ta olgan jamoa g‘olib bo‘ladi.

Eron Pro ligasidagi legionerlarimiz haqida

— Jaloliddin Masharipov va Oston O‘runov Eron chempionatiga yaxshi moslashdi, bundan juda xursandman. Ayniqsa so‘nggi o‘yinlarda ikkisi ham yuqori sport formasida ekanini ko‘rdik. Ular ertangi bahsda ham o‘zlarini ko‘rsatishadi, deb o‘ylayman. Eng asosiysi ular jamoa uchun o‘ynashsin.

Eron tarkibi haqida

— Eron uzoq yillardan beri deyarli bir xil tarkibga ega. Hozir mavsum oxiri va barcha futbolchilarda charchoq bor. Lekin eronlik futbolchilar doim birga va ularda jismoniy tayyorgarlik ham a’lo darajada.

Reglament haqida

— Nima sababdan futbolchilarning sariq kartochkalari keyingi bosqichda ham saqlanib qolishi tushunarsiz, ular 3-saralash raundiga “toza” holda o‘tishlari kerak.

O‘tkir Yusupov:

— Chiroyli o‘yin bo'ladi, Eronga yaxshi niyat bilan keldik. G‘alaba qozonib, Vatanimizga yorug‘ yuz bilan qaytishni niyat qilganmiz.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 72716 | Инструменты