Ispaniyalik shifokorlar Mendesga ma’lum muddat professional faoliyatidan chekinish va jiddiy davolanish kursini o‘tashi zarurligini ta’kidladi
O‘zbekiston milliy futzal terma jamoasi bosh murabbiyi, ispaniyalik mutaxassis Xose Mariya Mendes salomatligi bilan bog‘liq jiddiy muammolar sababli o‘z xohishiga ko‘ra lavozimini tark etdi. Bu haqda O'zbekiston futzali xabar bermoqda.
Ma'lum qilinishicha, murabbiy avgust oyining so‘nggi kunlaridan buyon yurak yetishmovchiligi bilan bog‘liq jiddiy tibbiy ko‘rik va tekshiruvlardan o‘tib kelayotgan edi. Dastlab Toshkentda ko‘rikdan o‘tgan mutaxassis keyinchalik chuqurlashtirilgan tibbiy tekshiruvlar uchun Madridga yuborildi.
Ispaniyalik shifokorlar Mendesga ma’lum muddat professional faoliyatidan chekinish va jiddiy davolanish kursini o‘tashi zarurligini ta’kidladi.
Shu munosabat bilan Xose Mariya Mendes O‘zbekiston futzal federatsiyasi rahbariyatiga iste’foga chiqish to‘g‘risida murojaat qildi. Federatsiya rahbariyati mutaxassisning murojaatini atroflicha ko‘rib chiqib, uning sog‘lig‘i bilan bog‘liq vaziyatni inobatga olgan holda iste’fosini qanoatlantirdi.
Endi milliy futzal terma jamoasiga yangi bosh murabbiy tayinlash masalasi bo'yicha Federatsiyaning qarori haqida qo‘shimcha ma’lumot beriladi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 102004 | Инструменты