Huawei 1
O‘zbekiston bank sektori faoliyati baholandi – muammoli kreditlarning salmog‘i keskin oshgan

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi har chorakda Bank faolligi indeksini hisoblab chiqadi, uning asosida banklar reytingi yangilanadi. Indeks 31 ta tijorat banklari uchun hisoblanadi, ulardan: 17 tasi yirik va 14 tasi kichik banklardir. 

Tadqiqot xususiy sektorning bank aktivlaridagi ulushining o‘zgarishlarini kuzatish, bank sektoridagi islohotlar va transformatsiya jarayonlarining samaradorligini baholash maqsadida olib boriladi. 

2024-yil I chorakdagi banklar faoliyatining asosiy ko‘rsatkichlariga to‘xtaladigan bo‘lsak, bank tizimi jami aktivlarining o‘sish sur’ati sekinlashgan. 2022-2023-yillarda ushbu ko‘rsatkich 20-30 foiz oralig‘ida bo‘lib, 2024-yil 1-mart holatiga15,4 foizni tashkil etdi. Bank tizimi aktivlari 648,6 trln. so‘mni, majburiyatlari esa 549,6 trln. so‘mni tashkil etdi. 

Bank tizimi aktivlarining 67,4 foizi, kredit portfelining 70,1 foizi – 331,2 trln. so‘m hamda depozitlarning 50,7 foizi – 120,6 trln. so‘m 10 ta davlat ulushi mavjud banklar hissasiga, qolgan qismi 25 ta xususiy banklar hissasiga to‘g‘ri keladi. 

Davlat banklarida 100 so‘mlik kreditga 36 so‘m depozit jalb qilingan bo‘lsa, xususiy banklarda ushbu ko‘rsatkich 83 so‘mni tashkil qilgan. 

Yil boshidan buyon bank depozitlarining o‘sish sur’ati sekinlashdi. O‘tgan yilning birinchi choragida bank tizimi depozitlari hajmi 42 foizga o‘sgan bo‘lsa, hisobot davrida ushbu ko‘rsatkich 13 foizni tashkil etdi. Bundan tashqari, xorijiy valyuta depozitlari ulushi o‘tgan yilning mos davrida 38 foizdan 29 foizga tushdi. 

Jismoniy shaxslarning bank tizimidan foydalanishda faolligi oshgan. O‘tgan yilning birinchi choragida kredit portfelining 26,5 foizi jismoniy shaxslarga tegishli bo‘lsa, yil davomida ularning ulushi qariyb 6 foizga oshib, 32,1 foizni tashkil etdi. Yuridik shaxslarning ulushi esa mos ravishda 73,5 foizdan 67,9 foizga qisqardi. 

Shuningdek, muammoli kreditlarning salmog‘i keskin oshdi. 

2024-yilning I choragidagi yirik banklar faolligi reytingiga ko‘ra, 17 ta yirik banklar orasida to‘rttasi o‘z mavqeini yaxshiladi. Xususan, «Xalq banki» umumiy reytingda ikki pog‘onaga ko‘tarildi, yana uchta bank – «Aziya Alyans bank», «Ipak Yo‘li» bank, «O‘zmilliybank» – bir pog‘onaga ko‘tarildi. 

«Aloqa bank», «Ipoteka bank», «Agrobank», «Invest Financ» bank va«Hamkor bank» umumiy reytingda bir pog‘onaga pastladi. 

Qolgan banklar umumiy reytingda o‘z o‘rinlarini saqlab qoldi. 

2024-yilning I choragi uchun kichik banklar faoliyati reytingida «Davr bank» yetakchilikni mavqei 2 pog‘onaga ko‘tarilgan «Universal bank»ga boy berib, ikkinchi o‘rinni egalladi. «TVS bank» o‘z faoliyatini yaxshilagan holda Top-3 likka kirdi. 

«Ziraat bank» reytingda 3 pog‘onani yo‘qotib beshinchi o‘rinni egalladi. Shuningdek, «Madad Invest bank» ko‘rsatkichlari sezilarli darajada yomonlashishi umumiy reytingda to‘rt pog‘onaga pasayishiga olib keldi. 

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga