Markaziy bank boshqaruvi yig‘ilishida asosiy stavkani yillik 14% darajasida belgilash to‘g‘risida qaror qabul qildi. Bu haqda regulyator matbuot xizmati xabar berdi.
Taʼkidlanishicha, 2025-yilda iqtisodiy faollik kutilganidan yuqori darajada shakllandi va bu jarayonda barqaror yalpi talab omillari ustuvor bo‘ldi. Inflyatsiya pasayish dinamikasida davom etib, tovarlar narxlari o‘sishi sekinlashishi keng qamrovli xususiyat kasb etmoqda.
Shu bilan birga, talab omillari ta‘sirida xizmatlar inflyatsiyasining nisbatan yuqori saqlanib qolishi, shuningdek, ayrim oziq-ovqat tovarlari narxlari o‘sishi umumiy inflyatsiyaning barqaror pasayishiga muayyan xatarlar tug‘dirmoqda. Ushbu sharoitda pul-kredit siyosatining joriy qat‘iy darajada saqlab qolinishi inflyatsiyaning barqaror pasayish trayektoriyasida shakllanishini ta‘minlaydi.
Markaziy bankning qayd etishicha, kelgusi choraklarda ham inflyatsiya va inflyatsion kutilmalar barqaror pasayishda davom etgan taqdirda, tartibga solinadigan narxlar o‘zgarishidan kelib chiqib, pul-kredit sharoitlari qat‘iyligini saqlab qolgan holda asosiy stavkani pasayish tomonga ko‘rib chiqish imkoniyatlari yuzaga keladi.
2025-yil dekabr oyida umumiy inflyatsiya prognoz doirasida shakllanib, yillik 7,3%gacha pasaydi. Inflyatsiyaning pasayishiga qat‘iy pul-kredit sharoitlari, almashuv kursining mustahkamlanishi va import narxlari ta‘sirlarida bazaviy inflyatsiyaning sekinlashishi hissa qo‘shdi. Xususan, dekabr oyida bazaviy inflyatsiya yillik hisobda 5,7%gacha pasaydi.
Xizmatlar inflyatsiyasi ma‘lum darajada sekinlashganiga qaramasdan, talab omillari ta‘sirida umumiy inflyatsiyadan yuqori darajada saqlanib qolmoqda. Shu bilan birga, iqtisodiyotdagi inflyatsion kutilmalar pasayish tendensiyasidan to‘xtab, dekabr oyida biroz o‘sishi qayd etildi.
Ushbu omillar inflyatsiyani target darajasigacha barqaror pasaytirish uchun pul-kredit sharoitlarini uzoqroq muddat qat‘iy saqlab qolish zarurligini ko‘rsatadi.
Yangilangan prognozlarga ko‘ra, 2026-yil yakunlari bo‘yicha inflyatsiya darajasi 6,5% atrofida shakllanishi kutilmoqda.
Yuqori investitsion faollik, fiskal xarajatlar va pul o‘tkazmalarining ortib borishi iqtisodiyotda daromadlar o‘sishi hamda iste‘mol talabini joriy yilda ham rag‘batlantiruvchi omil bo‘ladi.
Bundan tashqari, ayrim asosiy oziq-ovqat tovarlari taklifi bilan bog‘liq xatarlar hamda qish mavsumida ta‘minotdagi uzilishlar kelgusi oylarda oziq-ovqat hamda xizmatlar narxlariga oshiruvchi ta‘sir ko‘rsatishi mumkin.
Tashqi iqtisodiy muhitda noaniqliklar saqlanib qolishiga qaramasdan umumiy ta‘sirlar nisbatan mo‘tadil bo‘lishi kutilmoqda. Asosiy savdo hamkor mamlakatlarda inflyatsiya pasayish trendiga o‘tdi, jahon iqtisodiyotida o‘sish sur‘atlari kutilganidan yuqori shakllandi.
Qimmatbaho metallar narxlarining yuqori darajada o‘sishi kelgusida ham eksport tushumlari va budjet daromadlari tarkibida salmoqli ulushga ega bo‘lishi prognoz qilinmoqda.
Ichki valyuta bozorida xorijiy valyuta taklifining eksport tushumlari, xorijiy kreditlar va pul o‘tkazmalari subyektlarining qo‘llab-quvvatlanishi 2025-yilda so‘mning 6,9%ga mustahkamlanishiga xizmat qildi. Bu, import inflyatsiyasi bosimini kamaytirishga va dollarlashuv darajasini pasaytirishga yordam berdi hamda tashqi qarzga xizmat qilish xarajatlarini kamaytirdi. Kelgusi oylarda ham tashqi sharoitlarning nisbatan qulay va real samarali almashuv kursi dinamikasini muvozanatli darajada shakllanishi bo‘yicha kutilmalar mavjud.
Alpha version: 0.9.1.19 build 12821 | Инструменты