2021 yilning birinchi choragida davlat byudjeti daromadlari 33,9 trln. so‘mni, harajatlari esa 34,1 trln. so‘mni tashkil etmoqda
Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi yalpi majlisida deputatlar Davlat byudjetining va davlat maqsadli jamg‘armalari byudjetlarining 2021 yil birinchi choragidagi ijrosi to‘g‘risidagi hisobotni ko‘rib chiqishdi.
Hisobotda ta’kidlanishicha, 2021 yilda ham COVID-19 pandemiyasi tufayli yuzaga kelgan global iqtisodiy inqiroz natijasida tashqi iqtisodiy holat bo‘yicha xatarlar noaniqligi yuqoriligicha saqlanib qolmoqda.
2021 yilning yanvar-mart oylarida respublikamiz iqtisodiyoti 2020 yilning mos davriga nisbatan 3,0 foizga o‘sgan bo‘lib (2020 yilning 1-choragida 4,6 foiz), yalpi ichki mahsulot hajmi 128,6 trln. so‘mni tashkil etdi. Iqtisodiy o‘sish sanoat 3,8 foizga, qurilish 0,5 foizga, qishloq, o‘rmon va baliq xo‘jaligi 3,1 foizga hamda xizmatlar 2,8 foizga o‘sishi bilan ta’minlangan.
Inflyasiya darajasi yillik nisbatda 10,9 foizni, o‘tgan yilning yanvar-martiga nisbatan esa 2,7 foizni tashkil etdi. Bunda oziq-ovqat mahsulotlari yillik inflyasiya ko‘rsatkichini 5,9 foizga, nooziq-ovqat mahsulotlari 3,1 foizga, xizmatlar esa 1,9 foizga oshirdi.
Ma'lum qilinishicha, 2021 yilning birinchi choragida davlat byudjeti daromadlari 33,9 trln. so‘mni, harajatlari esa 34,1 trln. so‘mni tashkil etgan.
2021 yilning birinchi choragida ijtimoiy harajatlar o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 21 foizga oshirilib 18,2 trln. so‘mni tashkil qilgan, davlat byudjeti taqchilligi esa 188,2 mlrd. so‘mni tashkil etgan. Ushbu taqchillik xalqaro moliya institutlaridan jalb qilingan imtiyozli kredit mablag‘lari hisobidan qoplangan.
Shuningdek, 2020 yilda O‘zbekistonning 5 ta asosiy tashqi savdo hamkorlari bilan savdo hajmi qariyb 3,5 mlrd AQSH dollariga kamaygan. Jumladan, savdo hajmi Xitoy bilan 1 188,6 mln. AQSH dollariga, Rossiya Federasiyasi bilan 986,2 mln. AQSH dollariga, Qozog‘iston bilan 306,0 mln. AQSH dollariga, Turkiya bilan 423,2 mln. AQSH dollariga va Korea Respublikasi bilan 613,0 mln. AQSH dollariga qisqargan.
Alpha version: 0.9.1.19 build 92106 | Инструменты