Birjada 1 726,1 mlrd so‘mlik tovarlar sotildi, un, polietilen va texnik chigit narxi pasaydi

17 - 23 - iyun kunlari “O‘zbekiston respublika tovar-xom ashyo birjasi” AJning barcha savdo platformalarida 1 726,1 mlrd so‘mlik tovarlar sotilgan bo‘lib, bu avvalgi haftaga nisbatan 39,9% ga kamdir. Bunda tuzilgan bitimlarning qariyb 77,5% birja savdolariga, qolgan 22,5% qismi esa elektron tijorat savdo tizimlariga to‘g‘ri keldi.

Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlari ishtirokida tuzilgan bitimlarning umumiy hajmi 548,2 mlrd so‘mni tashkil qildi. Davlat xaridlari tizimlarida o‘tkazilgan elektron savdolar natijasida byudjet va korporativ buyurtmachilarining qariyb 102,9 mlrd so‘mlik mablag‘lari tejaldi.

Ko‘rib chiqilayotgan davr mobaynida onlayn auksion orqali 3 061 ta avtoraqamlar sotildi, sotilgan davlat raqam belgilarining umumiy summasi 12,6 mlrd so‘mni tashkil qildi.

Birja savdolari

Ko‘rib chiqilayotgan davrda ochiq birja savdolari orqali jami 1 338,3 mlrd so‘mlik tovar resurslari sotildi, shu jumladan:

Un

Birja savdolariga 27 240,0 tonna un qo‘yildi va uning 6 128,0 tonnasi, yaʼni 22,5% qismi sotildi. O‘tkazilgan savdolarda har kuni o‘rtacha 114 ta xaridor ishtirok etdi.

Ko‘rib chiqilayotgan davrda 1-navli un bo‘yicha shakllangan kunlik o‘rtacha narxlar mahsulotning bir tonnasi uchun 3 991,9 ming so‘mdan 3 905,8 ming so‘mgacha pasaydi. Unning o‘rtacha kunlik sotuv hajmi 2 043,0 tonnani tashkil qildi.

Polietilen

O‘tgan haftada birja savdolariga 2 402,0 tonna polietilen qo‘yildi va ulardan barcha hajmi sotildi. Polietilenning o‘rtacha kunlik sotuv hajmlari 801,0 tonnani tashkil qildi.

Ko‘rib chiqilayotgan davrda polietilenning barcha markalari bo‘yicha shakllangan kunlik o‘rtacha narxlar mahsulotning bir tonnasi uchun 16 473,3 ming so‘mdan16 194,8 ming so‘mgacha pasaydi. O‘tkazilgan savdolarda har kuni o‘rtacha 83 ta xaridor ishtirok etdi.

Texnik chigit

O‘tgan hafta birja savdolariga 10 987,0 tonna texnik chigit qo‘yildi va undan 7 565,0 tonnasi, yaʼni 68,9% qismi sotildi.

Ko‘rib chiqilayotgan davrda texnik chigit bo‘yicha shakllangan kunlik o‘rtacha narxlar mahsulotning bir tonnasi uchun 3 943,3 ming so‘mdan 3 344,4 ming so‘mgacha pasaydi. O‘tkazilgan savdolarda har kuni o‘rtacha 10 ta xaridor ishtirok etdi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 72404 | Инструменты