Oddiy qora sedana bilan organik usulda yetishtirilganining farqi nimada?
Qishloq xo‘jaligi vazirligi va “Crop production organic Ltd” kompaniyasi Sirdaryoda organik qora sedana yetishtirishni boshladi. Buning uchun Sirdaryo viloyati Sirdaryo tumanida bir necha yillardan buyon foydalanilmasdan kelayotgan qarovsiz 20 gektar yer maydoni tanlab olindi. Dastlab bu yerga qo‘l mehnati va zamonaviy texnika yordamida ishlov berildi. Unumdor nam tuproq pestitsid va kimyoviy ishlovsiz ekish uchun tayyor holatga keltirildi. Jahon standartlari asosida tayyor yerga 300 kilogramm organik qora sedana urug‘i ekildi.
Ma’lumot o‘rnida aytish kerakki, yurtimizda yetishtirilayotgan 34 ta mahsulotga “Organic” sertifikati olingan. Qora sedana ekish uchun ham ushbu sertifikat olingan.

"Nega sedana? Chunki jahon va Yevropa bozori o‘rganilganda organik sedanaga talab katta ekanligi ayon bo‘ldi. Inson salomatligi uchun vitaminlar manbai bo‘lgan yog‘ olish, dorivor vositalar va kosmetologiyada keng qo‘llanilgani uchun bozori ancha ilgarilaganini inobatga olib O‘zbekistonda ham uni yetishtirish bo‘yicha ishlarni yo‘lga qo‘ydik", - dedi Qishloq xo‘jaligi vazirligi Organik ishlab chiqarish va maqbul qishloq xo‘jaligi amaliyotini rivojlantirish boshqarmasi boshlig‘i Anvar Jumanov.

Oddiy qora sedana bilan organik usulda yetishtirilganining farqi nimada?
Eng avvalo, zararli kimyoviy moddalar, pestitsidlar va me’yoridan ortiq mineral o‘g‘itlardan holi bo‘lgan yer tanlab olinib shu yerga “Organic” sertifikatini olgan urug‘ qadaladi. Uni parvarishlash va yig‘ib olishgacha bo‘lgan barcha jarayon esa “sog‘lom muhit”da amalga oshiriladi. Tayyor bo‘lgan organik qora sedana esa nafaqat foydaliligi, balki eksportbopligi bilan ajralib turadi.
Mutaxassislarning e’tiroficha, ushbu noyob organik qora sedana Yevropa bozorlarida talabgir va uning narxi juda yuqoridir.
Qishloq xo‘jaligi vazirligi mutasaddilarining ta’kidlashicha, ushbu loyiha dastlab Sirdaryoda boshlangan bo‘lsa, yaqin kelajakda butun yurtimiz bo‘ylab amalga oshiriladi.
Qora sedana – bu nafaqat tibbiyotda keng qo‘llaniladigan, balki kosmetika sanoatida ham beqiyos bo‘lgan rezavordir. Inson salomatligi uchun darmondoriga boy qora sedana yog‘i mikroblarni yo‘q qilishi aniqlangan va tibbiyotda keng qo‘llanib kelinmoqda. Jigar, nafas yo‘llari va yuqumli kasalliklarda tengsiz deya baholanayotgan qora sedana yurtimizning ko‘plab hududlarida yetishtirilsa-da, biroq uni organik usulda yetishtirish borasidagi ishlarga endi qo‘l urilmoqda.
Alpha version: 0.9.1.19 build 72620 | Инструменты