24-sentabr kuni O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Olimjon Abdullayev boshchiligidagi delegatsiyasi Koreya Respublikasiga tashkil etilgan amaliy tashrif doirasida Koreya Respublikasi Adliya vaziri o‘rinbosari, Koreya immigratsiya xizmati komissari Kim Jong Do bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Uchrashuv chog‘ida hamkorlikning dolzarb yo‘nalishlari, jumladan, O‘zbekiston fuqarolarining ijtimoiy himoyasini kuchaytirish, malakalarni o‘zaro tan olish va kasb-hunar ta’limini rivojlantirish, noqonuniy migratsiyani qisqartirish, shuningdek, odam savdosi va jinoyatchilikka qarshi kurashish masalalari muhokama qilindi.
Muzokaralar yakunida O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarini Koreya Respublikasida mavsumiy mehnat ishlarida (E-8) ishtirok etish dasturiga qayta jalb qilish bo‘yicha kelishuvga erishildi. Noqonuniy migratsiyaga qarshi kurashish, mehnat migrantlari uchun sharoitlar yaratish va hamkorlikni chuqurlashtirish maqsadida muntazam videokonferensaloqa o‘tkazish uchun ishchi guruh tuzish to‘g‘risida qaror qabul qilindi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 92802 | Инструменты