Berlinda Germaniya – Markaziy Osiyo hamkorlik forumi bo'lib o'tdi.
"G'arb-Sharq uchrashuvlari (West-östliche Begegnungen)" jamg'armasi tomonidan tashkil etilgan mazkur forumda Germaniya va Markaziy Osiyo davlatlari fuqarolik jamiyati vakillari, nodavlat notijorat tashkilotlar va uyushmalar vakillari, shu jumladan O'zbekiston Nodavlat notijorat tashkilotlari milliy assotsiatsiyasi raisi boshchiligidagi delegatsiya qatnashdi.
Forumning asosiy mavzusi ayollar va ta'lim, yoshlar, atrof-muhit va sog'liqni saqlash, madaniyat va ijtimoiy masalalarga bag'ishlandi. Ilmiy anjuman doirasida umumiy plenar va shoʻba yig'ilishlari hamda munozaralar panelida soha vakillari yuqoridagi mavzular bo'yicha g'oyalar, amalga oshirilayotgan loyihalar, bilim va tajribalar yuzasidan fikr almashdilar.
Yurtimiz vakillari mamlakatimizda fuqarolik jamiyatini rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan izchil islohotlar va ularning natijalari haqida ma'ruzalar qildilar. Xotin-qizlarni kasbga o'qitish va bandligini ta'minlash, inklyuziv IT-ta'lim, ijtimoiy sohadagi xayriya faoliyati, aholini toza ichimlik suvi bilan ta'minlash bo'yicha amalga oshirilayotgan loyihalar taqdimoti o'tkazildi.
Uch kun davom etgan forumda yurtdoshlarimiz yangi hamkorlar bilan tanishish, mavjud hamkorlikni mustahkamlash va Germaniya va Markaziy Osiyo o'rtasidagi jamiyatlararo aloqa o'rnatish haqida ma'lumotlar olish imkoniga ega bo'lishdi.
Tadbirning madaniy qismida ijro etilgan o'zbek milliy qo'shiqlari yig'ilganlarga katta taassurot qoldirdi.
Mavlyudaxon Shirinova, "SABR" Respublika ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish markazi direktori:
– "G'arb-Sharq uchrashuvlar" jamg'armasi taklifiga binoan, mazkur forumda ishtirok etdik. Tadbirning asosiy maqsadi ijtimoiy sohadagi loyihalarni birgalikda amalga oshirish uchun germaniyalik hamkorlar, investorlar bilan muloqot o'rnatishdan iborat. Ishtirokchilar e'tiboriga markaz faoliyatiga oid taqdimot taqdim etildi. Kelgusida amalga oshiradigan loyihalarimiz bo'yicha nemis hamkorlar bilan birgalikda "Yo'l xaritasi" tuzdik. Nemis investorlarining O'zbekistonga qiziqishi yuqori. Ular mamlakatimizning jadal rivojlanayotgani, ijtimoiy sohaga investorlarni jalb etish davlat tomonidan qo'llab-quvvatlanmoqda.
Zebo Shaislomova, "ONA" jamoat fondi yuristi:
– Bu tadbirda ishtirok etganimizdan juda mamnunmiz, turli tashkilotlar vakillari bilan tanishdik. Fond, asosan, qiyin hayot sharoitlarida qolgan ayollarga har tomonlama yordam ko'rsatadi. Dasturlarimizda turli sohalar bo'yicha xotin-qizlarni qo'llab-quvvatlash ko'zda tutilgan. Masalan, sharoiti og'ir, biroq qimmat tibbiy xizmatga muhtoj ayollarni davolash uchun Hindiston, Turkiya davlatlariga yuboramiz. Qobiliyatli, o'qish istagida bo'lgan, ammo moliyaviy imkoniyatlari cheklangan qizlarga ta'lim grantlari beramiz. Davlat organlari bilan hamkorlik dasturlari doirasida xotin-qizlarga turli ko'rinishda yordam ko'rsatamiz. Shuningdek, uzoq hududlardagi aholini toza ichimlik suvi bilan ta'minlash, qishloq xo'jaligi uchun nasoslar o'rnatish ishlarini tashkil etishga ko'maklashamiz.
Alpha version: 0.9.1.19 build 120613 | Инструменты