O‘zbekiston xalq shoiri, taniqli tarjimon Jamol Kamol 84 yoshida vafot etdi
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, O‘zbekiston xalq shoiri Jamol Kamol 84 yoshida vafot etdi.
Jamol Qamol 1938-yili Buxoro viloyatining Shofirkon tumanidagi Chitkaron qishlog‘ida tug‘ilgan. Ota-onadan erta ayrilgach tog‘asi qo‘lida tarbiya ko‘rdi. Buxoro pedagogika institutining tarix-filologiya fakultetida tahsil oldi. O‘qishni tugallab, shu yerda o‘qituvchilik qildi. “Buxoro haqiqati” viloyat gazetasida (1965-1969) ishladi. O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Til va adabiyot institutida aspirant bo‘lib, “Lirik she’riyatda kompozisiya” degan mavzuda nomzodlik dissertasiyasini yoqladi (1969-1972). O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasining Buxoro viloyati bo‘limi mas’ul kotibi (1970-1972), keyinchalik O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi lavozimlarida faoliyat olib bordi.
Uning “Olam kirar yuragimga” nomli birinchi she’riy to‘plami 1968 yilda chop etildi. Shundan so‘ng “Cho‘qqilarga yog‘ildi yog‘du” (1971), “Tosh tug‘yon” (1973), “Hasan va oy” (1974), “Quyosh chashmasi” (1975), “Dostonlar” (1978), “Tafakkur” (1979), “Suvaydo” (1983), “Umidli dunyo” (1988) to‘plamlari, “Armon”, “Varaxsha”, “Eshikdagi oy to‘lqini”, “Tosh tug‘yon”, “Shahribonu” kabi dostonlari nashr etildi.
Uilyam Shekspirning “Hamlet”, “Otello”, “Antoniy va Kleopatra”, “Qish ertagi”, “Venesiya savdogari”, “Qirol Genrix IV”, “Makbet” kabi o‘ndan ortiq dramalarini bevosita ingliz tilidan o‘zbek tiliga tarjima qildi.
So‘nggi yillarda uning “Asr bilan vidolashuv” (Saylanma, 2007), “Yana ko‘nglimda uch oy” (2010), “Safar daftari” (2012), «Bosh ustina, bosh ustina» (2016) singari bir qator asarlari chop etildi. Jaloliddin Rumiyning “Masnaviy ma’naviy” (2002-2004), Hazrati Alining “Devon”i (2006), Farididdin Attorning ‘Mantiq ut tayr” (2006) hamda “Ilohiynoma”, “Asrornoma”, “Pandnoma va bulbulnoma”, “Hikmatlar” (2007-7012), Abdurahmon Jomiyning “Gulshaningda so‘lmasin Gul” (2008), Vilyam Shekspirning “Sonetlar” (2009), Alisher Navoiyning “Foniy gulshani” (2011) kabi jami yigirma yettita asarni ona tilimizga o‘girdi. Shuningdek, Radiy Fishning “Jaloliddin Rumiy”, Sotim Ulug‘zodaning “Firdavsiy” kabi romanlari tarjimasi ham Jamol Kamol qalamiga mansubdir.
U publisist sifatida “Makkayi Mukarrama, Madinayi Munavvara” (1992), «Buyuklardan buyuk Muhammad alayhissalom» (2017) asarini yaratib, islomiy ma’rifat va ma’naviyatning rivojiga hissa qo‘shdi.
Jamol Kamol adabiyotimizdagi munosib xizmatlari uchun 1992 yilda “O‘zbekiston xalq shoiri” unvoniga sazovor bo‘lgan.
UzReport axborot agentligi marhumning yaqinlari hamda oila aʼzolariga chuqur ta'ziya va hamdardlik bildiradi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 122906 | Инструменты