Ko‘hna Xiva “Qovun sayli” festivaliga mezbonlik qiladi

O‘zbekiston turizm salohiyatini keng targ‘ib etish, jumladan, Xorazm viloyatiga tashrif buyuruvchi xorijiy va mahalliy sayyohlar sonini oshirish maqsadida joriy yilning 12-13-avgust kunlari Xiva shahri “Ichan Qal’a” davlat muzeyi qo‘riqxonasi hududida “Qovun sayli” festivali tashkil etilmoqda.

Madaniyat va turizm vazirligi hamda Xorazm viloyati hokimligi tomonidan hamkorlikda o‘tkaziladigan tadbirdan maqsad Xorazmning agroturizm salohiyati namoyishi, vohaning qadimiy polizchilik tajribasi, shirin-shakar qovun-tarvuzlari va bog‘dorchilik mahsulotlarining noyob turlari va navlarini keng ommalashtirishdir.

Qovunlarning “Gurvak”, “Qilichboy beshak”, “Qari qiz”, “Tuya qovun”, “To‘yona”, “Ola zamcha”, “Xorazm oq novvoti”, “Ko‘k gulobi”, “Bo‘rikalla” kabi bir-biridan shirin o‘nlab mahalliy navlari namoyish qilinadi.

Bundan tashqari, turli meva-sabzavotlar, poliz ekinlari, qandolat va asalarichilik, hunarmandchilik, chorvachilik va baliqchilik mahsulotlari ko‘rgazmasi ham tashkil etiladi.

Shuningdek, festival doirasida, konsert dasturlari, tasviriy san’at asarlari namoyishi, hunarmadchilik mahsulotlari ko‘rgazmasi, dorbozlar o‘yini, xon va ayonlari chiqishi, qo‘g‘irchoq teatri tomoshalari, milliy taomlar tayyorlash bo‘yicha mahorat darslari, Xorazm nonini tayyorlash bo‘yicha mahorat darslari, milliy liboslar ko‘rgazmasi, jonli ijrodagi sahna ko‘rinishlari va boshqa madaniy tadbirlar bo‘lib o‘tadi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 41601 | Инструменты