Buxoroda o‘tkazilgan “Ipak va ziravorlar” festivali doirasida Turizm davlat qo‘mitasi tomonidan OAV vakillari va blogerlar uchun press-tur ham tashkil etildi. Maqsad – ishtirokchilarni Buxoro madaniyati va an’analariga imkon qadar chuqurroq sho’ng’ittish. Eng ajoyib va esda qolarli lahzalardan biri “Ustoz va shogird” markaziga tashrif bo‘lib, unda Buxoro viloyatining marvaridi sanalmish - Safi palovini tayyorlash va suvda Ebru usulida rasm chizish bo‘yicha mahorat darslari tashkil etildi.
“Ustoz-shogird” markazi nomidan maʼlumki, bu yerda anʼanaviy ustoz va shogird munosabati asosida bilim beriladi. Yoshlar o‘z ishining ustalari bo‘lgan hunarmandlardan bevosita o‘rganadilar. Bu usul Buxoroda asrlar davomida saqlanib kelayotgan bebaho merosdir. Bu yerda anʼanaviy hunarmandchilik nafaqat saqlanadi, balki har kuni qaytadan hayotga keladi. Mexr va ehtiyotkorlik bilan osh tayyorlayotgan bu kishi, Davlat Toshev, maskanni ochilganidan beri, yaʼni 2018 yildan boshlab boshqarib kelayotgan rassom va oshpaz. U iqtidorli bolalarni qidirib topadi va ularga o‘z talantlarini ro‘yobga chiqarish imkoniyatini beradi. Eng muhimi – shogirdlardan hech qanday xaq olinmaydi ham.
“Ustoz-shogird” markazi — bu O‘zbekistonning amaliy sanʼati qanday qilib anʼana va zamonaviylikni uyg‘unlashtirayotganiga yorqin misoldir. Tizim faqat o‘qitish emas — bu madaniy tarbiya, insonning ruhan va kasbiy o‘sish jarayoni. Shogird nafaqat bilim oladi, balki hunarmandlar oilasiga aylanadi.
Ustoz-shogird markazida yaratilgan miniatyura mavzulari alohida qiziqish uyg'otadi. Bu yerda falsafa va so‘fiylik yuksak qadrlanadi, ko‘plab asarlarda turli qiziqarli mavzular o‘z aksini topgan. Davlat Toshev esa o‘z maktab ustaxonasi mehmonlariga o‘zbek miniatyurasidagi har bir timsol haqida, har bir naqsh va rangning falsafiy ma’nosi haqida batafsil so‘zlab berishi mumkin.
Agar siz ham Buxoroga tashriflaringiz chog’ida ushbu sehrli olamga sho'ng'ishni istasangiz, eshiklari hamma uchun ochiq bo'lgan Ustoz-Shogird markazining mehmoniga aylaning!
Alpha version: 0.9.1.19 build 61503 | Инструменты