Huawei 2
“Latte omili”: badavlat boʻlmay turib ham boy yashash mumkinmi?

Mutolaa – inson tafakkurini oshirib, dunyoqarashini kengaytirishi, yangi bilimlarni olish bilan birga, unga badiiy xordim berish vazifasini oʻtaydi. Yaxshi kitob topib, uni mutolaa qilishni esa hamma, ayniqsa, dam olish kuni boʻlishi bilan qoʻliga kitob oluvchi insonlar koʻproq istashadi.

UzReport.news.uz nashri “Nega shu kitobni oʻqish kerak?” loyihasini boshladi. Loyiha doirasida muallif Nigora Hasanova jahon va oʻzbek adabiyotidan kitob tavsiya qiladi, uni oʻqish nima uchun muhimligi toʻgʻrisida fikr yuritadi. Dastlabki son tanlovi – Devid Bax va Jon Devid Man muallifligidagi “Latte omili” asari.

Asar haqida

Devid Bax va Jon Devid Manning aytishicha, ha, albatta mumkin. Buning uchun maoshimizni oshirishlarini, lotoreyaga yutuq chiqishini yoki kutilmagan xazinadan umid qilishning keragi yoʻq. Mualliflarning  aytishicha, koʻpchilik bir umr boshqalarni boy qilish uchun ishlaganini juda kech tushunar ekan. Natijada esa oʻzini hech qachon badavlat boʻlolmaydigan muhtoj odamdek his etib, barcha istaklarini noaniq muddatga ortga suradi. Bugun hikoya qilib bermoqchi boʻlgan kitobda asar qahramoni ham “qurbim yetmaydi”, deya koʻp narsada, hatto orzularida ham oʻziga cheklovlar qoʻygan. U tasodifan tanishib qolgan keksa barista esa qizga oʻzi oʻylaganidan ancha   badavlatroq ekanini tushuntirib beradi.

Biz bugun moliyaviy mustaqillik nima ekanini va unga qanday erishish mumkinligini oʻrganamiz. Asarning oʻzi haqida fikr bildiradigan boʻlsak, aniq aytish mumkinki, u haqiqatan ham ajoyib asar.  “Moliyaviy erkinlik” asari muallifi, “Millenial Money” sayti yaratuvchisi Grant Sabatyening fikricha, Devid Baxning strategiyalari 30 yoshida millioner boʻlishiga yordam bergan. Qatʼiy aytamanki, bu asarni oʻqish kerak, amalda qoʻllash muhim, keyin esa uni oʻzingiz tanigan barchaga ulashishingiz shart.

Necha yildirki, Bax pul, sarmoya, jamgʻarma, boylik toʻplash haqidagi oddiy, ammo taʼsirli taʼlimoti bilan odamlarning hayotini oʻzgartirib kelmoqda. Dunyoga mashxur “The View” koʻrsatuvi prodyusseri Kendi Korter Opra Uinfri shousining “Latte omili” tamoyillari haqida suhbatlashilgan sonini efirga uzatadi. Bu loyiha sabab prodyusser Baxning oʻn millionlab odamlar hayotining oʻzgartirganiga guvoh boʻladi. Xullas, “Latte omili” – orzularimizni roʻyobga chiqarishga ilhomlantiruvchi samimiy va yoqimli sayohat. Orzuning orzuligicha qolib ketmasligiga, uning amalga oshishi uchun harakatga tushishimizga turtki beradigan, hozirgi zamon tili bilan aytganda, motivatsiya beradigan asar. Aslida muallif umid va ilhom haqidagi nomalari bilan butun dunyo auditoriyasini harakatga keltira olgan. “Latte omili” qalbingizga alanga yoqib, kayfiyatingizni koʻtaradi. Kitob eʼtiboringizga, mushohada qilishingizga va undagi tavsiyalarga quloq tutishingizga arziydi.

Asarning yozilish sabablari

“Latte omili” Zoi ismli qiz haqida. U onasining vafot etishidan bir necha oy avval afsus-nadomatlarsiz, baxtli yashashni istashini aytib suhbatlashadi. Mana shu hikoya muallifning buvisi Rouz Bax bilan boʻlgan soʻnggi suhbatga asoslangan. Rouz Bax aytib bergan hikoya Devid Baxning keyingi hayotini butunlay oʻzgartirib yuboradi. Muallifning yozishicha,  uning buvisi ajoyib tirishqoq ayol boʻlgan. 30 yoshida butun oilaning taqdirini oʻzgartirib yuboradigan qaror qabul qiladi: qashshoq yashashdan voz kechadi. Xoʻsh, qanday qilib?

Oʻsha paytlarda u Vikinsin shtatining Miluoki shahridagi Gimbels doʻkonida ishlagan va u yerda pariklar sotgan. Na buvisi, na bobosi kollejda oʻqishgan. Ular maoshdan-maoshgacha, uchma-uch kun kechirishgan. Xullas, ularning hayoti kurashdan iborat boʻlgan. Ammo buvisi yaxshiroq hayotni orzu qiladi va 30 yoshga toʻlganda bobosiga shunday deydi: “Hayotimizni oʻzgartirish vaqti keldi!”

Ular haftasiga bir dollardan tejashni boshlaydilar. Hatto tushlikni ham uydan olib borgani uchun hamkasblari orasida “hasis” degan laqab ortiradi. Avvaliga bu gaplardan xafa boʻlgan ayol, maqsadi aniq boʻlgani uchun bunday gap-soʻzlarga ahamiyat bermaslikka oʻtgan. Ayol umri davomida pul jamgʻarib, sarmoyalar kiritib oʻzini-oʻzi millionerga aylantiradi. Va bilimi hamda sarmoyaga boʻlgan muhabbatini Devid Baxga qoldiradi. Devid Bax 7 yoshga toʻlganida birinchi aksiyalarini sotib olishga yordam beradi. Bu oʻsha vaqtdagi McDonaldʻs aksiyalari edi.

Shunday qilib ayol muallifning birinchi ustoziga aylanadi. Oxir-oqibat uning saboqlari butun hayotini, faoliyati va maqsadlarini belgilab beradi.  20 yil oldin chop etilgan va jahon bestselleriga aylangan “Aqli ayol umrining oxirigacha boy boʻladi” nomli kitobi buvisi va undan olgan saboqlariga bagʻishlangan.

“Latte omili”da ilgari surilgan asosiy gʻoya bu – chingizdagi yosh bolaga imkon berish. Soddaroq tushintiraman: Baxning buvisi unga oʻlimi oldidan shunday nasihat qiladi: “Devid, hech nimadan afsuslanishingni xohlamayman. Tavakkal qil! Yodingda boʻlsin, qay yoʻldan yurishni bilmay, chorrahada turib qolsang, ichingda ikkita ovozni eshitasan: birinchisi, katta odamning tovushi – “xavfsiz yoʻlni tanla, oʻzingni xatarga otma!”, deydi. Ikkinchisi, yosh bola “Mana bu yoʻldan yur, Devid, bu qiziq boʻladi. Kel. Harakat qilib koʻramiz!”, deya undaydi. Ichingdagi mana shu qiziqqon va oʻynagisi kelgan bolakayning soʻzlariga quloq tut. Uning tashqariga chiqib oʻynashiga qoʻyib ber. Doʻstlaringga ham shunday maslahat ber”.

Asardagi bu gʻoya va muallifning aytmoqchi boʻlganlari sizga oʻta sodda tuyulishi mumkin. Lekin, u hayotga boʻlgan qarashlarimizni oʻzgartirishimiz uchun aynan buvisining hayoti, uning maslahatlarini atay oʻrtaga tashlaydi. Nega ayol obrazi? Ayolki maqsadlariga yetibdimi, eng qiyin vaziyatlarda ham kuchli sabr matonat bilan ularni yenga olibdimi, demak bu hammamizning qoʻlimizdan keladi. Asar qahramoni ham avvaliga biroz tushkun kayfiyat egasi edi. Vaqt va kengroq dunyoqarash hayotning goʻzal tomonlarini koʻrsatib, oson va boy  yashash sirlarini oʻrgatadi. Mutolaa davomida Siz ham hayotingizdagi mavjud  chigalliklarni yecha olishingizga ishonaman.

Nigora Hasanova

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga