Tramp Rossiyaga qarshi sanksiyalar to'g'risidagi qonun loyihasini qo'llab-quvvatladi

AQSh prezidenti Donald Tramp Kongressda Rossiyaga qarshi sanksiyalar joriy etish bo'yicha ikki partiyali qonun loyihasini qo'llab-quvvatlashini bildirdi. Oq uy rahbari 8-yanvar, payshanba kuni Fox News telekanaliga intervyu berdi.

"Men bu choralarni qo'llab-quvvatlayman", dedi u boshlovchining savoliga javoban. Amerika yetakchisi qo'shimcha qildi: "Umid qilamanki, biz ularni amalga oshirishimiz shart emas". Tramp Moskvaga qarshi "sezilarli sanksiyalar" allaqachon joriy etilganini va Rossiya iqtisodiyoti "juda yomon" ahvolda ekanligini aytdi.

Tramp shuningdek, 7-yanvar kuni Shimoliy Atlantikada AQSh Sohil Xavfsizlik Xizmati tomonidan ushlangan Marinera (Bella 1) tankeri bilan bog'liq vaziyatga ham izoh berdi. AQSh prezidentining so'zlariga ko'ra, hozirda kemadan neft tushirilmoqda.

Gremning AQSh Kongressidagi qonun loyihasi

Avvalroq, 8-yanvar kuni Janubiy Karolina shtatidan respublikachi senator Lindsi Grem ijtimoiy tarmoq platformasi X da Tramp Xitoy, Hindiston, Braziliya va Rossiya neftini sotib oluvchi boshqa mamlakatlarga qarshi sanksiyalarga ruxsat beruvchi qonun loyihasini ma'qullaganini xabar qildi.

Grem qonun loyihasini demokrat Richard Blumenthal va boshqa senatorlar bilan birgalikda yozgan va uni 2025-yil aprel oyida taqdim etgan. 80 dan ortiq senatorlar tomonidan qo'llab-quvvatlangan hujjat Rossiyadan neft, gaz, uran va boshqa mahsulotlarni sotib oluvchi mamlakatlardan importga 500% tarif joriy etishni talab qiladi.

Lindsi Grem qonun loyihasi kelasi hafta boshida AQSh Kongressida ovozga qo'yilishini kutmoqda. Senator uning qabul qilinishi o'z vaqtida bo'lishiga ishonadi, "chunki Ukraina tinchlik uchun yon bermoqda, Putin esa begunoh odamlarni o'ldirishda davom etib, faqat gapirmoqda". "Ushbu qonun loyihasi Prezident Trampga arzon Rossiya neftini sotib oluvchi mamlakatlarni jazolash, Putinning urush mashinasini yoqilg'i bilan ta'minlash imkonini beradi", deb qo'shimcha qildi respublikachi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 11008 | Инструменты