Huawei 1
Qozog‘istonda ham ilk AESni “Rosatom” quradigan bo‘ldi

Rossiyaning “Rosatom” kompaniyasi «eng maqbul va foydali» taklifi tufayli Qozog‘istonda birinchi atom elektr stansiyasini quradigan konsorsium yetakchisi sifatida tanlandi. Bu haqda respublika Atom energiyasi agentligi xabar berdi.

Ehtimoliy pudratchilar ro‘yxatiga “Rosatom”dan tashqari «China National Nuclear Corporation» (Xitoy), «Électricité de France» (Fransiya) va «Korea Hydro & Nuclear Power» (Janubiy Koreya) ham kirgan edi. Ularning takliflari yadro sanoatini rivojlantirish bo‘yicha idoralararo komissiya tomonidan ko‘rib chiqilib, Rossiya kompaniyasining arizasini eng maqbul deb topdi.

Komissiya “Rosatom” tomonidan taklif qilingan ehtimoliy xarajatlar va qurilish muddati haqida hech qanday maʼlumot bermadi.

Atom energiyasi agentligi raisi Almasadam Satkaliyevning aytishicha, Qozog‘iston Xitoy bilan alohida – ikkinchi AESni qurish bo‘yicha hamkorlik qilmoqchi. Bu borada Xitoy tomoni bilan alohida muzokaralar o‘tkaziladi.

2024 yil 6 oktyabrda Qozog‘istonda atom elektr stansiyasini qurish imkoniyati bo‘yicha referendum bo‘lib o‘tgandi, unda saylovchilarning 71,12 foizi bu g‘oyani qo‘llab-quvvatladi. AES Olmaota viloyatining Ulken qishlog‘idagi Balxash ko‘li bo‘yida qurilishi rejalashtirilgan.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 61509 | Инструменты