Huawei 1
Qirg‘iziston Tojikiston bilan chegarani tikanli simlar bilan to‘sishni boshladi

Qirg‘izistonning Botken viloyati, To‘rt-Gul qishloq okrugining Qo‘shmolo tumanida qirg‘iz-tojik davlat chegarasiga to‘siqlar o‘rnatish ishlari boshlandi. Bu haqda Qirg‘iziston prezidentining Botken viloyatidagi vakiliga tayanib 24.kg xabar berdi.

Ishlar strategik muhim nuqta – Qirg‘iziston, O‘zbekiston va Tojikiston chegaralari tutashgan joyda boshlangan. Tadbirda Qirg‘iziston Vazirlar Mahkamasi raisi o‘rinbosari – Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi raisi Qamchibek Tashiyev onlayn tarzda ishtirok etdi.

Chegara zonasida ishlarning borishini ta’minlash maqsadida dala lageri qurilib, maxsus texnika keltirildi, harbiy xizmatchilarning yashashi va ishlashi uchun barcha sharoit yaratilgan.

Qayd qilinishicha, birinchi bosqichda 420 kilometr uzunlikdagi tikanli sim to‘siqlari o‘rnatilishi ko‘zda tutilgan. Ish 2025 yil oxirigacha yakunlanishi kutilmoqda.

Avvalroq qirg‘iz-tojik chegarasini delimitatsiya qilish ishlari yakunlangan edi. 2025 yil 13 mart kuni Bishkekda ikki davlat prezidentlari ushbu masala bo‘yicha kelishuv imzoladi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 43017 | Инструменты