Rossiya va O‘zbekiston migratsiya masalalarini birgalikda hal qilishga, Rossiyada ishlaydigan odamlarni oldindan tayyorlashga kelishib olgan. Bu haqda Rossiya prezidenti Vladimir Putin TASS agentligi tomonidan dunyoning yetakchi axborot agentliklari rahbarlari bilan tashkil etilgan uchrashuvda ma’lum qildi.
«O‘zbekistonda 30 yilcha oldin 15-18 million odam yashagan. Hozir esa 38 million kishi. Har yili aholi bir millionga oshmoqda. Har yili. Tushunyapsizmi barchasi qanday tez o‘zgarmoqda.
Albatta, biz mehnat bozorida ham, ijtimoiy sohada ham ko‘plab masalalar borligini tushunamiz. Barchamiz buni anglaymiz. Shu sababli [O‘zbekiston prezidenti] Shavkat Miromonovich [Mirziyoyev] bilan migratsiya masalalarini birgalikda hal qilishga kelishib oldik. Chunki bizda mehnat bozori bugun qanday ahvolda ekani ma’lum.
Sizda (O‘zbekistonda) ma’lum darajada bosim kuzatilmoqda. Lekin nima qilishni birgalikda kelishib oldik. Rossiyada ishlashni xohlaydigan odamlarni tayyorlash masalasini hal etamiz.
Bu rus tilini, rus madaniyatini o‘rganishga taalluqli va hokazo – bunda butun boshli reja yaxshi. Umid qilamanki, bularning barchasini biz tashkil etamiz», – degan Putin.
U yoshlar bilan ishlash muhim ahamiyatga egaligi, shuning uchun hozirda Rossiya va O‘zbekiston yoshlari o‘rtasidagi aloqalarni rivojlantirishga katta e’tibor qaratilayotganini ta’kidlagan.
«Bu borada yoshlar bilan ishlashning o‘zi ham juda muhim va qimmatlidir. Bu yerda men sizning fikringizga to‘liq qo‘shilaman. Bilishimcha, Shavkat Miromonovichning yordamchisi – Saida Shavkatovna yaqinda Moskvada bo‘lgan va ko‘plab hamkasblarim bilan hukumatda, Prezident administratsiyasida uchrashgan. U prezident topshirig‘iga binoan yoshlar o‘rtasidagi aloqalarni rivojlantirishga, ta’bir joiz bo‘lsa, ushbu yoshlar yo‘nalishini rivojlantirishga katta e’tibor qaratmoqda.
Bu yerda aniq takliflar mavjud, shubhasiz, hammamiz birgalikda buning ustida ishlaymiz. Yoshlar yo‘nalishi eng muhimlaridan biri ekani aniq, fikringizga to‘liq qo‘shilaman», – degan Rossiya prezidenti O‘zA bosh direktori Abdusaid Ko‘chimovning savoliga javoban.
Alpha version: 0.9.1.19 build 61923 | Инструменты