Huawei 1
Polsha Rossiyaga jiddiy ayblov qo‘ydi

Polsha  rasmiylari 2024 yil 12 may kuni Varshavadagi Marywilska 44  savdo markaziga o‘t qo‘yishda Rossiya maxsus xizmatlari ishtirok etganini qayd etdi. Bu haqda Polsha Adliya vaziri Adam Bodnar va Ichki ishlar vaziri Tomash Semonyakning qo‘shma bayonotida ma’lum qilindi.

Bayonotga ko‘ra, yong‘in Rossiya tomonining buyurtmasiga asosan amalga oshirilgan.

“To‘plangan dalillarga asoslanib, biz yong‘in Rossiya maxsus xizmatlari buyurtmasi bo‘yicha kelib chiqqanini bilamiz”, deyiladi bayonotda.

Vazirlarning ta’kidlashicha, Polsha o‘t qo‘yish tartibi va jarayoni, shuningdek, jinoyatchilar tomonidan qanday hujjatlashtirilgani haqida yaxshigina ma’lumotlarga ega.

“Gumonlanuvchilarning bir qismi allaqachon qo‘lga olingan, qolganlari aniqlangan va qidirilmoqda”, deyiladi bayonotda.

Ma’lumot uchun, Varshavadagi Marywilska 44 savdo markazida 2024 yil 12 may kuni yirik yong‘in sodir bo‘ldi. Yong‘in bir vaqtning o‘zida bir nechta joyda boshlangan va tezda tarqalgan. Olov binoni butunlay qamrab oldi, u qisman qulab tushdi. O‘shanda hech kim jabrlanmagan, biroq rasmiylarga ko‘ra, xizmat ko‘rsatish sohasida faoliyat yurituvchi 1400 ta do‘kon va korxonalarning binolari yonib ketgan. Bitta muzqaymoq stendidan boshqa hamma narsa yonib ketgan.

Marywilska 44 yopiq bozori Varshavadagi eng yirik ulgurji va chakana savdo markazi bo‘lib, unda 1,4 mingga yaqin savdo nuqtalari faoliyat yuritgan. Polsha Bosh vaziri Donald Tusk yong‘indan keyin rasmiylar sodir bo‘lgan voqeaga Rossiyaning ehtimoliy aloqadorligini tekshirish niyatida ekanini aytgandi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 51217 | Инструменты