Huawei 1
Janubiy Koreya aeroportlar yaqinida qushlarni nazorat qilishni kuchaytiradi

Jeju Air aviakompaniyasining Boeing 737 samolyoti halokatidan so‘ng, Janubiy Koreya aeroportlarni qushlardan himoya qilish bo‘yicha yirik dasturni e’lon qildi. Aviahalokatda 179 kishi qurbon bo‘ldi, qushlarning dvigatelga urilishi buning asosiy sababi sifatida ko‘rilmoqda.

The New York Times xabariga ko‘ra, 2026 yilga borib, qushlarni aniqlaydigan va cho‘chituvchi moddalarni purkaydigan maxsus dronlarni yaratish, 2028 yildan esa mamlakatning barcha aeroportlarini ular bilan jihozlash rejalashtirilgan.

Birinchi qadam 2025 yil iyun oyida termal tasvir kameralarini o‘rnatish, so‘ngra akustik va lazer tizimlarini o‘rnatish bo‘ladi. Rasmiylar, shuningdek, xavfsizlik xodimlari sonini ko‘paytirishni va tezkor harakat qilish uchun yangi mashinalar sotib olishni rejalashtirmoqda.

Jeju Air aviakompaniyasining Boeing 737 samolyoti halokati 2024 yil 29 dekabrda Muan shahrida ro‘y berdi. Parvoz paytida ekipaj dvigatelga qush kirib ketgani haqida xabar bergan.

Samolyot texnik nosozlik tufayli favqulodda g‘ildiraksiz qo‘ndi, ammo to‘xtashga ulgurmadi va uchish-qo‘nish yo‘lagi oxirida beton konstruksiyalar bilan to‘qnashib, yonib ketdi. Samolyotning ikkala dvigatelida patlar va qon izlari topildi. Bu aeroportda avval ham qushlar bilan bog‘liq muammolar qayd etilgan, biroq jiddiy choralar ko‘rilmagan edi.

Endi rasmiylar himoyani nafaqat texnologik jihatdan kuchaytirish, balki qushlar uchun aeroportlar yaqinidagi hududlarning jozibadorligini kamaytirish, beton konstruksiyalarni xavfsizroq elementlar bilan almashtirishni ham reja qilmoqda.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 60600 | Инструменты