Huawei 1
O'zbekiston diplomatlari fuqarolarimizning BAA hududiga kirishi bilan bog'liq vaziyatni nazoratga oldi

O'zbekiston TIV so'nggi paytlarda Birlashgan Arab Amirliklari hududiga kirishda O'zbekiston fuqarolari duch kelayotgan qiyinchiliklar, xususan, xalqaro aeroportlarda uzoq davom etayotgan tekshiruvlar tufayli fuqarolarimizning ushbu aeroportlarda uzoq vaqt qolib ketayotgani haqida kelib tushayotgan qator murojaatlar yuzasidan tushuntirish berdi. 

Mamlakatimizning BAAdagi diplomatik vakolatxonalari tomonidan ushbu holatlarni hal qilish maqsadida faol choralar ko'rilmoqda. Diplomatlarimiz doimiy ravishda vaziyatni monitoring qilib, BAAning immigratsion va boshqa tegishli idoralari vakillari bilan uzluksiz muzokaralar olib bormoqda.

Ushbu muzokaralar fuqarolarimizning mamlakat hududiga imkon qadar tezroq va muammosiz kirishini ta'minlashga qaratilgan bo'lib, masalani joyida hal qilish uchun barcha sa'y-harakatlar amalga oshirilyapti.

Shu bilan birga, aeroportlarda yuzaga kelayotgan kechikishlar va tekshiruvlarning sabablari aniqlanmoqda, bu esa masalaning kelib chiqish ildizlarini tushunish va kelajakda bunday holatlarni oldini olishga yordam beradi.

Fuqarolarimizga imkon qadar qulaylik yaratish maqsadida Abu-Dabi shahridagi Elchixonamiz va Dubay shahridagi Bosh konsulxonamiz vakillari doimiy ravishda mahalliy aeroportlarda bo'lib, hamyurtlarimizga ko'mak berishmoqda.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 60701 | Инструменты