Hindistonning Bengaluru shahrida 4-iyun kuni kriket stadioni oldida to‘plangan olomon orasida 11 kishi halok bo‘ldi. Muxlislar Royal Challengers Bengaluru’ning Hindiston Premer-ligasidagi ilk g‘alabasini nishonlayotgan edi. Bu haqda Reuters xabar berdi.
Hodisa oqibatida 47 kishi jarohatlangan. Minglab odamlar Chinnasvami stadioni atrofidagi ko‘chalarda saf tortgan. Ba’zilar daraxt va stadion devorlariga chiqib olgan. Stadionga kirish ruxsatnomasi bo‘lmagan odamlar darvozadan kirishga uringan. Voqea joyidan olingan suratlarda odamlar bir-birlarining ustiga chiqqani aks etgan.
“Bayram paytida bu ko‘ngilsiz voqea sodir bo‘lmasligi kerak edi. Bundan afsusdamiz. Muxlislar soni biz kutgandan ancha ko‘proq bo‘lgan”, dedi Karnataka shtati bosh vaziri Siddaramayya.
Politsiyachilardan biri jarohatlangan shaxsni tez yordam mashinasiga olib borgan. Olomon esa yerda behush yotgan odamlarni o‘rab olgan. Tasvirlarda ba’zi odamlar yurak-o‘pka reanimatsiyasi olayotgani ham aks etgan. Shu tariqa olomonni nazorat qilish qiyinlashgan.
Sport jamoasi o‘z sayti orqali tadbir uchun bepul chiptalar tarqatgan, biroq ularning soni cheklanishi haqida ogohlantirgandi. Stadion yaqinidagi Bengaluru metrosi ishdan to‘xtab qolgan.
Hindistonda asosan diniy tadbirlarda ommaviy baxtsiz hodisalar bo‘lib turadi. Yanvar oyida Maha Kumbh Hindu festivalida 10 millionlab odamlar muqaddas suvlarga cho‘milish uchun yig‘ilganda kamida 30 kishi halok bo‘lgandi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 60623 | Инструменты